Toshkentda Slovakiya va Germaniyaga jo‘natmoqchi bo‘lganlar ushlandi
Xorijga ishga jo‘natish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh etildi.
Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida tezkor tadbirlar o‘tkazildi. Tadbirlar davomida fuqarolarni xorijga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holatlariga chek qo‘yildi.
Jumladan, Toshkent shahrida yashovchi, 1985- y.t., muqaddam sudlangan shaxs o‘zining tanishlari orqali Qashqadaryo viloyatida istiqomat qiluvchi 6 nafar fuqaroni Slovakiya Respublikasiga ishga yuborish evaziga 145 mln so‘m talab qilib, oldindan 85 mln so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Boshqa holatda esa Toshkent shahrida xorijiy davlatlarga viza olish bo‘yicha konsalting xizmatlari ko‘rsatuvchi MChJ rahbari poytaxtda istiqomat qiluvchi, 2002 y.t. fuqaroning aldov yo‘li bilan ishonchiga kirib, viza rasmiylashtirish orqali uni Germaniyaga ishga yuborish evaziga 4 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Bu kabi qonunbuzilish holati Toshkent viloyatida ham qayd etilib, jumladan Zangiota tumanida yashovchi, 1993 y.t. ayol aldov yo‘li bilan Angren shahrida istiqomat qiluvchi, 2000-y.t. fuqaroning ishonchiga kirib, viza rasmiylashtirgan holda uni Janubiy Koreyaga ishlash uchun yuborish evaziga 5900 AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter