Toshkentda YPX mototsikllari Onix bilan to‘qnashishi oqibatida bir inspektor halok bo‘ldi
Joriy yilning 16 iyul kuni soat 18:30 atrofida Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida patrul xizmati mototsikllari va Onix avtomobili ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, uch nafar YPX inspektori patrul mototsikllarida Do‘rmon yo‘li ko‘chasi bo‘ylab harakatlanayotgan vaqtda G‘azalkent ko‘chasidan chorrahaga kirib kelgan Onix rusumli avtomobil bilan to‘qnashgan.
Hodisa oqibatida patrul mototsiklini boshqarib kelgan YPX inspektorlaridan biri olgan tan jarohatlari sabab voqea joyida vafot etgan. Tan jarohati olganlarga tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
YHXX ijtimoiy tarmoqlarda mazkur yo‘l-transport hodisasi kortejni kuzatib borish vaqtida sodir bo‘lgani haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirib, asossiz ma’lumotlarni tarqatmaslikka chaqirdi.
Hozirda hodisa yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter