Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xayrli tadqiqotlar ortidagi ofatlar: ularning asl sabablari hanuz mavhumligicha qolmoqda

Xayrli tadqiqotlar ortidagi ofatlar: ularning asl sabablari hanuz mavhumligicha qolmoqda

1923 yil yozida jahon arxeologiyasi tarixida olamshumul yangilik sodir bo‘ldi. Angliyalik Xauard Karter boshchiligidagi ilmiy guruh a’zolari Misr fir’avini Tutanhamon dafn etilgan va uning boyliklari yashirilgan xonaning maxfiy eshigini topib, ichkariga kirishdi. Dahmadagi qazishma va tadqiqot ishlari qariyb olti yil davom etdi. Ammo baayni o‘sha kezlar ekspeditsiya xodimlariga birin-sirin ko‘z tegib, chor tarafda aql bovar qilmas hodisalar kuzatila boshlandi...

Eng avvalo, ekspeditsiyaga homiylik qilgan lord Karnarvon qo‘qqisdan vafot etdi. U jon berishi arafasida Qohira elektr tarmog‘i falokatga yuz tutdi. Biroq bu hodisaning ham, lordning o‘limi sababini ham aniqlashning iloji bo‘lmadi.

Hayal o‘tmay, Karnarvonning rafiqasi Almina zaharli chivin qurboniga aylandi. Basma-basiga lordning o‘gay akasi, hamshirasi hamda amerikalik milliarder, suratkash, shifokor, hayajonli va unutilmas daqiqalarda Tutanhamonning mo‘miyolangan jasadini tasvirga tushirgan Artur Meys ham omonatini topshirdi.

Fir’avn tobutini ochishda Xauardga yordamlashgan yigitlardan birining yostiqdoshi banogoh o‘zini derazadan yerga tashlab, halok bo‘ldi. Dahmada qazishma ishlari nihoyasiga yetgan 1929 yili Karterning kotibi Richard Betepl o‘z to‘shagida jonsiz holatda topildi. Uning 87 yoshli otasi bu musibatga chidolmay, qaltis yo‘lni tanladi. O‘zini yettinchi qavatdan pastga otib, umr xatiga abadul-abad nuqta qo‘ydi. Tobut ortilgan arava esa qabriston yo‘lida yosh go‘dakni bosib ketib, uning hayot yulduzi erta so‘nishiga sababchi bo‘ldi. 1939 yilga kelib, Karter ham omonatini topshirdi.

Alqissa, 16 yil ichida ekspeditsiyaning, xoh yosh-xoh keksa bo‘lsin, o‘ttiz nafar a’zosidan birortasiyam tirik qolmadi, barchasining qismati fojiali yakun topdi. Ajabo!

Yo‘q, bu hali hammasi emas. Tutanhamon dahmasidan topilgan bebaho yodgorliklar 1972 yili Londondagi ko‘rgazmaga keltiriladi. Qarangki, ularni olib kelgan samolyot uchuvchisi va bort muhandisi yurak xurujiga uchrab, jon taslim qilishdi. Ekipajning qolgan a’zolari esa ming bir balo-qazoga giriftor bo‘lishdi.

Shunga o‘xshash ko‘ngilsizlik 1978 yili ham qaytalandi. AQShda ochilgan ko‘rgazmada Tutanhamon boyliklarini San-Fransisko politsiyasi leytenanti Jorj Lebrash qo‘riqlay boshladi. Qo‘riqladi-yu, oradan bir yil o‘tar-o‘tmas, qo‘l-oyog‘i shol bo‘lib qoldi...

 

Qisqasi, kimki Tutanhamon yodgorliklarini topgan yoki ularga yaqinlashgan bo‘lsa, ko‘zga ko‘rinmas qandaydir ilohiy kuch oldida «hisobot» berardi. Aksariyati sirli tarzda olamdan o‘tar, qolganlari bedavo dardga mubtalo bo‘lib, to‘shakka mixlanardi. Ustiga-ustak, bu hodisalarning asl sabablari aniqlanmay qoldi. Oqibatda xalq orasida uzunquloq gap-so‘zlar urchigandan urchiydi. Hatto ekspeditsiya a’zolari sha’niga bemavrid tosh otuvchilar ham paydo bo‘ladi.

Masalan, bir guruh kishilar «Xauard Karter hech qanday kashfiyot qilmagan, aksincha, shon-shuhrat qozonish uchun soxtakorlikka qo‘l urgan» qabilidagi fikrni o‘rtaga tashlashdi. Ularning ta’kidlashicha, dahmadan topildi deb e’lon qilgan buyum-jihozlar haqiqiy emas, balki misrlik zamonaviy zargarlar tomonidan yasalgan nusxalari emish. Bu qalloblikni uyushtirganlar esa, kirdikorlari fosh bo‘lib qolishidan cho‘chib, qaltis choralarni qo‘llashganmish. Bo‘lgan voqeani og‘zilaridan gullab qo‘ymasliklari uchun ekspeditsiya a’zolariga suiqasd uyushtirib, ularni birma-bir yo‘qotishgan emish.

Sankt-peterburglik taniqli san’atshunos Andrey Puninning uqtirishicha, bu iddaolar puch da’vodan bo‘lak narsa emas. Sababi, birinchidan, dahmadan topilgan deya taqdim etilgan buyumlar rostdanam qalbaki bo‘lsa, ularni tayyorlash uchun butun boshli hunarmandlar guruhi kamida besh yil tinmay ter to‘kishi kerak edi. Ikkinchidan, zamonaviy hunarmandlar fir’avnlarning buyuk madaniyatiga mansub yodgorliklar – Qohiradagi eng yirik muzeyda saqlanayotgan osori atiqalarning aynan o‘ziga o‘xshash yangi nusxalarini yaratishga qodir emas. Uchinchidan, Tutanhamon tobuti qo‘yilgan xona eshigini ochish vaqtida Angliyaning «Tayms» gazetasi muxbiri, radio va fotojurnalistlar, kinochilar, matnshunoslar, kimyogarlar, laborantlar va boshqa kasb egalari ham ishtirok etishgan. Jarayonni boshdan-oyoq kuzatib, ko‘p narsalarning shohidi bo‘lishgan. Lekin keyinchalik ular hech qanday falokatga duchor bo‘lmagan, biron-bir tazyiq yoki ta’qibga uchramagan. Bu esa dahma aslida ochilmagani, qimmatbaho buyum-jihozlar yasamaligi, qalloblik tashkilotchilari guvohlarni yo‘qotishga kirishgani haqidagi taxminlar asossizligidan dalolat beradi.

Mantiqan qaraganda, Andrey Puninning mulohazalarida jon bor. Shu bois unga qo‘shilganlar Xauard Karter o‘z ishi bilan qadimshunoslik rivojiga ulkan hissa qo‘shgan degan fikrni bildirib kelishyapti. Ayrim kishilar esa hamon buni tan olishni istamaydi. O‘lganning ustiga tepganday, qay birlari bu kashfiyot emas, ko‘zbo‘yamachilik degan xulosalarida sobit qolmoqda, qay birlari esa Xauard Tutanhamonning ruhini bezovta qilgani bois qarg‘ishga uchradi, boshqalarga kasofati urdi, degan da’voni olg‘a surmoqda.

Qandayligidan qat’i nazar, Xauard Karterning tadqiqotlari natijasida qo‘lga kiritilgan ma’lumotlar Misr tarixi va fir’avnlar hayotini o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi. Faqat bitta afsuslanarli jihati, ekspeditsiya a’zolarining keyingi taqdiriga oid noxushliklar sababi hali hamon jumboqligicha qolyapti.

A.Haydarov.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring