Yugurganniki emas, buyurganniki: Xiaomi buklanadigan smartfonni iPhonedan avval namoyish qilishga ulgurdi
Xiaomi kompaniyasi Applening ilk buklanuvchi iPhonei taqdimoti arafasida yangi buklanuvchi flagman smartfoni — 18 Foldni namoyish etdi. Kompaniya yangi qurilmani 7-sentyabr kuni, Apple tadbiriga ikki kun qolganda taqdim qildi. Aytish joizki, Xiaomi 18 Fold keng formatdagi ichki ekrani bilan ajralib turadi.
Smartfonning tashqi ekrani 5,38 dyuym, ichki ekrani esa 7,38 dyuym diagonalga ega. Har ikki displeyning tomonlar nisbati 2:1 bo‘lib, kompaniya uni A4 qog‘oz varag‘i formatiga yaqinlashtirgan.
Xiaomining ta’kidlashicha, bunday ekran matn o‘qish va videolar tomosha qilishda qulaylik yaratadi. Qurilma buklangan holatda oddiy smartfon sifatida, ochilganda esa keng ekranli qurilma sifatida ishlatiladi.
Eng qizig‘i, keng formatda ochiladigan buklanuvchi smartfonlar bozorida Xiaomidan avval Huawei va Samsung kabi kompaniyalar ham o‘z modellarini allaqachon taqdim etishga ulgurgan edi.
Xiaomi 18 Foldning taqdimoti Applening buklanuvchi iPhonei haqidagi shov-shuvlar yanada kuchaygan bir paytga to‘g‘ri keldi. Endi esa texnologiya ixlosmandlari Apple yangi qurilmasi bilan Xiaomining yangi buklanuvchi smartfoni o‘rtasidagi farqlarni solishtirish imkoniga ega bo‘lishdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter