Namangan viloyati hokimi boshchiligidagi delegatsiya Afg‘onistonga tashrif buyurdi
29-mart kuni Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligidagi delegatsiya Afg‘onistonga tashrif buyurdi. Delegatsiya tarkibida hokim o‘rinbosarlari, shuningdek, 30 dan ortiq yirik tadbirkorlar va investorlar ishtirok etdi.
Ma’lum qilinishicha, delegatsiyaning asosiy maqsadi o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, yangi investitsiya loyihalarini muhokama qilish hamda biznes hamkorlikni mustahkamlashdan iborat. Shuningdek, afg‘on tomoni bilan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.
Tashrif davomida mahalliy hokimiyat va xususiy sektor vakillari bilan ishbilarmonlik uchrashuvlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ayniqsa, Balx viloyatidagi muloqotlar doirasida yangi shartnomalar imzolanishi kutilmoqda.
Delegatsiya Mozori Sharif shahrida ham bo‘lib, bu yerda o‘zbek mahsulotlari ko‘rgazmasini tashkil etish rejalashtirilgan. Unda milliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarining sifati va xilma-xilligi namoyish etiladi.
Mazkur ko‘rgazma ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatishga xizmat qilishi kutilmoqda. Shu orqali eksport hajmini oshirish va yangi bozorlarga chiqish imkoniyatlari yaratiladi.
Shu bilan birga, delegatsiya a’zolari afg‘on hamkorlar bilan sanoat, qishloq xo‘jaligi va savdo sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.
Eslatib o‘tamiz, fevral oyida Sirdaryo viloyati delegatsiyasi ham Afg‘onistonga tashrif buyurib bir qator uchrashuvlar o‘tkazgan edi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter