Imkoniyatlar makoni: Farg‘ona vodiysi butun mintaqaning o‘sish nuqtasi sifatida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida Markaziy Osiyoni tinchlik makoniga aylantirish haqida haqida to‘xtalgandi. Farg‘ona vodiysida yaxshi qo‘shnichilik muhitining qaror topishi mintaqada ro‘y berayotgan ijobiy jarayonlarni aks ettiradi. 2024-yil yakunlariga ko‘ra, mintaqaviy YaIM 2 marotaba ortdi va 520 milliard AQSh dollariga yetdi. Vodiyning O‘zbekistonga qarashli hududida 13 mingdan ortiq sanoat korxonasi faoliyat yuritmoqda. Ularning 1,1 mingdan ortig‘i yuqori texnologik segmentga tegishli.
Mintaqada chegaraoldi savdo-sanoat zonalari faol tashkil etilmoqda. Yirik qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish uchun O‘zbekiston-Qirg‘iziston va O‘zbekiston-Tojikiston investitsiya fondlari tashkil etilgan.
Transport infratuzilmasining rivojlanishi mintaqa iqtisodiyotida sezilarli rol o‘ynamoqda, O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistonni bir-biri bilan bog‘lovchi muntazam avtomobil yo‘nalishlari faoliyat yuritayapti. 2018-yildan Farg‘ona vodiysi orqali o‘tuvchi Toshkent-Bishkek-Baliqchi yo‘nalishida temiryo‘l qatnovlari amalga oshirilayapti. Tojikistonda Bekobod-Konibodom yo‘nalishida temir yo‘l aloqasining qayta tiklanishi muhim infratuzilmaviy omil bo‘ldi.
2025 yilning mart oyida Xo‘jand shahrida O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston yetakchilari ishtirokida o‘tkazilgan sammit mazkur mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro aloqalarning yangi bosqichini boshlab berdi va iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish, transport aloqasi va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlarni ochdi, Farg‘ona vodiysida barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlash uchun qulay sharoit yaratdi.
Farg‘ona vodiysining qulay geografik joylashuvini e’tiborga olganda, qo‘shni mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatli kooperatsion iqtisodiyotni, chegaraoldi hududlarida savdo-sotiqni, shuningdek, transport kommunikatsiyalarini rivojlantirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlarni ishlab chiqish zarur.
Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston yo‘nalishida temiryo‘l va avtomobil yo‘lini, Toshkent-Andijon yo‘nalishida pulli avtomobil magistralini barpo etish Markaziy Osiyodagi eng muhim infratuzilmaviy loyihalardir. Mazkur yo‘nalishlarning davom ettirilishi quruqlikda
Xitoy-Markaziy Osiyo-G‘arbiy Osiyo iqtisodiy yo‘lagining tashkil etilishiga ko‘maklashadi. Bu esa Kaspiy dengizi va Fors ko‘rfazi, shuningdek, Pokistonga chiqish imkonini beradi va O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonning o‘zaro bog‘liq bo‘lgan temiryo‘l va avtomobil yo‘llari tarmog‘ining birgalikda rivojlanishi uchun keng imkoniyatlarni ochadi.
Mazkur yirik investitsion loyihalarning amalga oshirilishi chekka hududlarda ham ishchi o‘rinlari sonini, bir-biriga yaqin ko‘plab tarmoqlar mahsuloti iste’molini, shuningdek, Farg‘ona vodiysi aholisining xarid qobiliyatini oshirgan holda “multiplikativ effekt”ni yuzaga keltiradi.
M.To‘rayev,
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI)
bosh mutaxassisi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter