Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda ilk bor o‘tgan xalqaro kimyo olimpiadasi g‘oliblari taqdirlandi

O‘zbekistonda ilk bor o‘tgan xalqaro kimyo olimpiadasi g‘oliblari taqdirlandi

Foto: Xabar.uz

18-iyul kuni Toshkent shahridagi Xalqaro anjumanlar saroyida 58-Xalqaro kimyo olimpiadasi (IChO 2026) g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda olimpiada ishtirokchilari, ularning ustozlari, tegishli vazirlik va davlat tashkilotlari hamda keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.

58-Xalqaro kimyo olimpiadasi Markaziy Osiyo tarixida ilk bor O‘zbekistonda tashkil etildi. Musobaqada dunyoning 94 davlatidan qariyb 1 000 nafar o‘quvchi, jamoa rahbarlari, Xalqaro ilmiy qo‘mita a’zolari, kuzatuvchilar va xorijiy mehmonlar ishtirok etdi.

Olimpiada amaliy va nazariy bosqichlarda tashkil etildi. Amaliyot bosqichida ishtirokchilar 5 soat davomida uchta laboratoriya topshirig‘ini bajardi. Nazariy sinovlarda esa kimyo fanidan to‘qqizta masala yechish uchun 5 soat vaqt berildi. Savollar orasida O‘zbekistonga oid topshiriqlar ham o‘rin oldi.

Olimpiada doirasida ishtirokchilar uchun Toshkent va Samarqand shaharlarining diqqatga sazovor joylariga sayohatlar tashkil etildi. Xususan, Islom sivilizatsiyasi markazi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi hamda Samarqandning tarixiy obidalariga tashriflar uyushtirildi.

Tantanali marosimda eng yuqori natija qayd etgan ishtirokchilar oltin, kumush va bronza medallari bilan taqdirlandi.

Mazkur olimpiadada O‘zbekistondan to‘rt nafar o‘quvchi ishtirok etdi.

Prezidentning 2024-yil 30-sentyabrdagi qaroriga muvofiq, xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lgan o‘zbekistonlik ishtirokchilar uchun oltin medal uchun 1 milliard 30 million so‘m, kumush medal uchun 618 million so‘m, bronza medal uchun 412 million so‘m miqdorida mukofot puli beriladi. Ularga tayyorgarlik ko‘rgan o‘qituvchilar ham alohida rag‘batlantiriladi va malaka toifasi bir pog‘onaga oshiriladi.

Ma’lumot o‘rnida, 2026-yilning shu davriga qadar O‘zbekiston o‘quvchilari 23 ta xalqaro fan olimpiadasida ishtirok etib, jami 192 ta medal — 32 ta oltin, 69 ta kumush va 91 ta bronza medalni qo‘lga kiritgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring