Turkistonning yuragida ikki kun...
YuNESKOning 43-bosh sessiyasida Turkiya Respublikasi nomidan ishtirok etish uchun Turkiston zaminining markazi bo‘lgan O‘zbekistonga tashrif etishdan benihoya xursand bo‘ldik.
Turkistonning har bir go‘shasi biz uchun muhim, ammo Samarqand va Buxoroni bag‘rida jamlagan O‘zbekistonning o‘rni juda boshqacha. Oramizda ildizlari teran do‘stlik bor, chuqur qardoshlik rishtalari mavjud. Bilge Xoqon tomonidan O‘rxun yodgorliklarida «Sabim tuketi eshitg‘il!» ya’ni «So‘zimni boshidan oxirigacha eshitgin!» degan so‘zlar bilan boshlangan bu shodlikda va g‘amda birlik tuyg‘usi ming yillik tarixga hamda boshimizdan kechirgan musibatlarga qaramay kundan-kunga kuchayib bormoqda. Turklarga xos bo‘lgan bu vijdon va rahm-shafqat ideali bugungi kunda dunyoga o‘rnak bo‘ladigan qadriyatlarimizning ham ramzidir.
Hazrat Navoiy,
Odami ersang, demagil odami,
Aning ki, yo‘q xalq g‘amidin g‘ami.
degan misralarida aynan shu ideal kuylanadi. Yoki, Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lponning birlik va hamjihatlikka, Vatanga muhabbatga urg‘u bergan quyidagi misralari:
Birligimizning tebranmas tog‘i,
Umidimizning so‘nmas chirog‘i.
Birlash, ey xalqim, kelgandir chog‘i,
Bezansin endi Turkiston bog‘i.
Uyg‘on xalqim, bitsin ortiq buncha zulumlar!
misralari yoki bu qardoshlikka eng ko‘p ehtiyoj sezganimiz ozodlikni tariflarkan ishlatgan bu misralari birlik va birdamlik ideallarimizga hamohangdir:
Ey Inonyu, ey Sakarya, ey istiqlol erlari,
Milli Misak olingancha to‘xtalmasin, ilgari!
...
Bilolmac kim «madaniyat» beshigiga o‘lturg‘on,
Jallodlarning hamma ta’ma va xirslari sizlarda
...
Ey istiqlol, ey Sakarya, ey Inonyu erlari,
Yur, mazlumlar to‘fonining o‘ch olg‘uvchi sellari!
Turkiya-O‘zbekiston qardoshligini yoki mening bu zaminga bo‘lgan muhabbatimni tariflash uchun shu kabi minglab misollar keltirishim mumkin. Oramizda ana shu yuqorida keltirilgan shodlikda ham, g‘amda ham birlik va birdamlikning namunasi bo‘lmish birodarlik rishtalari bor.
Milliy ta’lim vaziri sifatida bizning burchimiz ham shu do‘stlikni mustahkamlash va kelajak avlodlarning bu qardoshlik atrofida yanada kuchliroq jipslashishini ta’minlashdan iboratdir. Safarimiz davomida bu borada juda muhim qadamlar tashladik. Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozaxon Karimova bilan do‘stligimizni mustahkamlash yo‘lidagi hamkorligimiz doirasida o‘zbek qardoshlarimiz uchun Istanbulda ochiladigan maktab va Toshkentdagi Turk maktabi uchun ajratiladigan yer maydoni haqida juda samarali suhbatlar o‘tkazdik.
Biz, Turkiyada Prezidentimiz janob Rajab Toyyib Erdo‘g‘an rahnamoligida kelasi asrni ta’limda Turk asriga aylantirish yo‘lidagi eng muhim qadamlarimizdan biri bo‘lgan, yangilangan o‘quv dasturimizdagi turli o‘zgarishlar va azaliy do‘stligimizni mustahkamlash yo‘lida qilgan ishlarimiz haqida gapirib berdik. Ayniqsa, innovatsion jismoniy va texnologik infratuzilma, o‘qituvchi kadrlar yetishtirish jarayonlari, kasb-hunar va texnik ta’lim, raqamli texnologiyalar va ta’limdagi sun’iy intellekt ilovalari, darsliklar bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilishimiz mumkin bo‘lgan sohalarning ko‘pligini va bu hamkorlikni tezroq boshlashning qanchalik zarurligini ko‘rdik.
Shu doirada Turkiya davlati sifatida olib borayotgan siyosatimizni ta’lim diplomatiyasi shakliga aylantirish uchun olib borayotgan ishlarimizni muhokama qildik. Shu nuqtai nazardan, biz ta’lim diplomatiyasini nafaqat jismoniy yoki virtual sinflarda o‘qitiladigan darslar, balki xalqlarning umumiy taqdirini belgilovchi strategik bir jarayon, bir jamiyatning muvaffaqiyat hikoyasini boshqa jamiyatlarga yetkazish usuli sifatida ko‘ramiz. Ta’lim sohasida o‘rnatgan har bir xalqaro hamkorligimiz negizida o‘z asosiy qadriyatlarimizni kelajak avlodlarga yetkazish maqsadi yotadi.
Yusuf Tekin,
Turkiya Milliy ta’lim vaziri


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter