Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Insoniyat yarim asr kutgan fotosuratlar

Insoniyat yarim asr kutgan fotosuratlar

Foto: NASA

AQShning Milliy aeronavtika va fazoviy tadqiqotlar idorasi (NASA) “Artemis II” missiyasi orqali insoniyatning Oyga qaytish yo‘lidagi orzusini ro‘yobga chiqarmoqda.

NASA mazkur missiya doirasida olingan fotosuratlarni e’lon qildi.

400 ming km masofadan yuborilgan suratlarda ona sayyoramizning aqlni shoshiruvchi manzarasi, Oyning sirli-tilsimli nuqtalari, shuningdek, fazogirlarning kundalik hayoti muhrlangan.

Avval xabar berganimizdek, mazkur missiya doirasida Oy tomon parvoz qilgan “Orion” fazoviy kemasi ekipaji Yerdan 252 756 mil (qariyb 407 ming km) masofaga uzoqlashdi.

Bu bilan “Apollon-13” ko‘rsatkichi yangilanib, insonning koinotga parvozlari tarixidagi eng olis masofaga borildi.

To‘rt nafar astronavt: amerikaliklar – Rid Vaysman, Viktor Glover, Kristina Kuk hamda kanadalik Jeremi Hansen Oy atrofini aylanib o‘tish davomida olti soatga yaqin vaqtni belgilangan orbitada o‘tkazdi. Astronavtlar Oyning orqa tomonini, shuningdek, Oy Quyosh diskini to‘sib, uning tojini ko‘rish imkonini beruvchi to‘liq Quyosh tutilishi hodisasini kuzatish imkoniga ega bo‘ldilar.

Bu parvoz so‘nggi yarim asr ichida Oyga yo‘l olayotgan ilk ekipajli missiya sifatida tarixga kiradi. Ma’lumot uchun, Oyga inson ishtirokidagi oxirgi parvoz 1972 yil dekabr oyida “Apollon-17” missiyasi doirasida amalga oshirilgan edi.

“Artemis II”ning 10 kunlik missiyasi muvaffaqiyatli o‘tsa, keyingi bosqichda insonlarning Oy yuzasiga tushishi va hatto u yerda doimiy infratuzilma yaratish rejasi real tus olishi mumkin.

“Artemis II” missiyasi geosiyosiy ahamiyatga ham ega. So‘nggi yillarda Xitoyning kosmik dasturi faollashib, Oyga inson yuborish rejalari AQSh uchun jiddiy raqobatga aylandi. Shu bois NASA bu missiyani XXI asrda kosmosda yetakchilikni saqlab qolish yo‘lida muhim qadam sifatida ko‘rmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring