Korporativ sektorda qaroqchi dasturiy ta’minot: moliyaviy va reputatsion xatarlar
Kompaniyangiz kompyuterlarida hozir aslida qanday dasturlar ishlayotganini bilasizmi? Gap buxgalteriya hujjatlaridagi ro‘yxat haqida emas – balki haqiqatda o‘rnatilgan dasturlar haqida, jumladan masofadan ishlaydigan xodimlar va tizimga kirish huquqiga ega pudratchilar qurilmalarida ham.
Bu masala so‘nggi bir yilda jiddiy tus oldi. 2025 yil noyabridan boshlab litsenziyalanmagan dasturlardan foydalanish endi nafaqat moliyaviy, balki jinoiy javobgarlikka ham olib kelishi mumkin. Ustiga-ustak, aynan shunday dasturlar orqali zararli kodlar korporativ tarmoqqa kirib borayotgan holatlar ko‘payib bormoqda.

Huquqiy tomon: biznes uchun yangi qoidalar
O‘zbekistonda mualliflik huquqini himoya qilish sohasidagi qonunchilikka o‘zgartishlar kiritildi – ZRU-1080-son Qonun dasturiy ta’minotdan noqonuniy foydalanganlar uchun javobgarlikni kuchaytirdi. 2025 yil noyabridan Jinoyat kodeksining 149-1-moddasi ham amalda – unga ko‘ra, mualliflik huquqi obyektlaridan ruxsatsiz foydalanish uchun jinoiy jazo belgilangan, eng og‘ir holatda esa uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Muammoning ko‘lami xalqaro tadqiqotlarda ham yaqqol ko‘rinadi. BSA assotsiatsiyasining Global Software Survey hisoboti (2018 yil) bo‘yicha dunyodagi kompyuterlardagi dasturlarning 37% litsenziyasiz bo‘lib chiqqan – bu taxminan 46,3 milliard dollar qiymatidagi dasturiy mahsulot degani. Shu tadqiqotda yana bir raqam bor: kompaniyalar litsenziyalanmagan dasturlar oqibatida yuzaga keladigan muammolarni bartaraf etishga yiliga qariyb 359 milliard dollar sarflaydi.
«Bu yerda solishtirish kerak bo‘lgan narsa litsenziya narxi emas – balki bitta hodisaning o‘zi qanchaga tushishi. Ma’lumot sizib chiqqandan keyin tizimni tiklash, yuristlarga to‘lov, hamkorlar bilan noqulay suhbatlar – bularning hammasi yillar davomida dasturga «tejalgan» puldan ancha ko‘p bo‘lib chiqadi», – deydi Beeline Uzbekistan Axborot xavfsizligi bo‘limi boshlig‘i Dmitriy Shulikov.
Bu o‘zgarishlarning ortida kengroq kontekst ham bor. 2026 yil boshiga kelib O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha 34 mamlakatning 33 tasi bilan muzokaralarni yakunlagan edi, jarayonni esa shu yil tugatish rejalashtirilmoqda. JSTga a’zolik esa TRIPS bitimiga qo‘shilishni ham anglatadi – bu bitim tijorat miqyosida qasddan sodir etilgan mualliflik huquqi buzilishlari uchun jinoiy javobgarlikni joriy qilishni talab qiladi, buni esa qog‘ozda qoldirmasdan, amalda ishlaydigan mexanizmlar bilan ta’minlash shart deyilgan.
Axborot xavfsizligi mutaxassislari esa litsenziyalanmagan dasturlarni zararli kodlarning korporativ tarmoqqa kirishi uchun yana bir potensial yo‘l sifatida baholamoqda.
Texnik xatar: dasturning o‘zi kirish eshigiga aylanishi
Verizon Data Breach Investigations Report 2025 ma’lumotiga ko‘ra, hujumchilar korporativ tizimga birinchi marta kirish uchun eng ko‘p qo‘llaydigan usul ikkinchi yil ketma-ket – hisob ma’lumotlarini qo‘lga kiritish bo‘lib qolmoqda: tekshirilgan hodisalarning 22% aynan shu orqali sodir bo‘lgan. Bunda infostilerlar – ko‘pincha mashhur dasturlarning «bepul» versiyasi niqobida tarqaladigan zararli dasturlar – asosiy vositalardan biriga aylangan.
Shu hisobotda yana shunday ma’lumot bor: korporativ hisob ma’lumotlari kompaniya nazorati ostidagi qurilmalarning 30%, nazorat qilinmaydigan qurilmalar – xodimlarning shaxsiy noutbuklari va pudratchilar texnikasida esa 46% topilgan.
«Amaliyotda hodisalarning ko‘pi murakkab texnik hujum natijasida emas, oddiygina hisob ma’lumotlari qo‘lga tushib qolgani uchun sodir bo‘ladi. Bunda manba kompaniyaning o‘zida ham, xodimning uyidagi kompyuterida ham bo‘lishi mumkin», – deydi Shulikov.
Kiber hodisalar kompaniyaning o‘ziga qilingan hujumdan emas, balki ma’lumotlarga kirish huquqiga ega hamkor, pudratchi yoki yetkazib beruvchi orqali ham sodir bo‘lishi mumkin. Verizon ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi bir yilda uchinchi tomon ishtirokidagi bunday hodisalar ulushi 15% dan 30% ga ko‘tarilgan – demak, biznes endi faqat o‘z tizimini emas, butun raqamli muhitini himoya qilishi kerak bo‘lmoqda.
Zamonaviy hujumlarning yana bir xususiyati shundaki, infostilerlar endi faqat parol emas, sessiya cookie-fayllarini ham o‘g‘irlay oladi. Bu esa hujumchiga parolni ham, ba’zan ko‘p faktorli autentifikatsiyani ham aylanib o‘tib, allaqachon tizimga kirgan hisobga bevosita kirish imkonini beradi. Shuning uchun ikki faktorli autentifikatsiyaning o‘zi yetarli emas – faol sessiyalarni, qurilmalar holatini kuzatib borish va komprometatsiya belgilarini vaqtida payqash ham zarur.

Kompaniyadagi vaziyatni qanday baholash mumkin: 5 ta qadam
Tashqaridan savol tug‘ilishidan oldin o‘zlashtirib olish kerak bo‘lgan amaliy minimum:
1. Inventarizatsiyadan boshlang. Har bir ish joyi va serverda amalda nima o‘rnatilganini ro‘yxatga oling.
2. Pudratchilar va masofadagi xodimlarni unutmang. Ularning shaxsiy noutbuklari ham, tizimga kirish huquqi bo‘lsa, ofis kompyuteri bilan bir xil xavf ostida.
3. Hisob ma’lumotlari sizib chiqmaganini tekshiring. Korporativ pochta manzillari ma’lum sizib chiqishlar ro‘yxatida bormi – shuni aniqlang, shubha tug‘ilsa, parol va faol sessiyalarni darhol bekor qiling.
4. Allaqachon to‘layotgan xizmatlarni to‘liq ishlating. Ko‘p faktorli autentifikatsiya, rol bo‘yicha kirish, jurnallash, pochtani filtrlash – bular ko‘pchilik korporativ obunaga kiritilgan, lekin ko‘pincha yoqilmagan holda turadi.
5. Qoidani qog‘ozga tushiring. Qaysi dasturga ruxsat berilgani va buni kim tasdiqlashi yozma shaklda belgilangan bo‘lishi kerak – bu har qanday tekshiruvda so‘raladigan birinchi hujjat.
Xatarni qanday kamaytirish mumkin
Dasturlarni legallashtirishdan o‘tayotgan kompaniyalar odatda bir nechta ishni birvarakayiga qiladi: nima o‘rnatilganini hisobga oladi, litsenziyalangan yechimlarga ko‘chadi va shu bilan birga axborot xavfsizligining asosiy choralarini ham yo‘lga qo‘yadi.
Beeline Business Microsoft-ning rasmiy hamkori sifatida dasturiy ta’minot auditini o‘tkazishda, kompaniya ishini to‘xtatmasdan Microsoft 365 korporativ litsenziyalari va Azure bulutli xizmatlariga o‘tishni tashkil qilishda yordam beradi.
«Bugun litsenziyalangan dastur masalasini faqat qonunga rioya qilish deb qarash noto‘g‘ri. Bu – bir vaqtning o‘zida AT-infratuzilma mustahkamligi, ma’lumot xavfsizligi va korporativ xatarlarni boshqarish masalasi ham. Kompaniya o‘z infratuzilmasida nima ishlayotganini qancha tez to‘liq bilib olsa, muammolarni hal qilish shuncha arzon tushadi», – deb ta’kidlaydi Shulikov.
Korporativ litsenziyalar va bulut xizmatlari haqida batafsil ma’lumotni Beeline Business saytida topishingiz mumkin.
Beeline Uzbekistan haqida
Beeline Uzbekistan («Unitel» MChJ) 2006 yil 12 sentyabrdan boshlab ushbu savdo belgisi ostida raqamli operator sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Kompaniya mamlakatdagi yirik soliq to‘lovchilardan biri bo‘lib, O‘zbekistondagi faoliyati davomida taxminan 2,1 milliard AQSh dollari miqdorida soliq to‘lagan. 2 000 dan ortiq xodimga ega Beeline Uzbekistan Top Employer 2024, 2025 va 2026 sertifikatiga sazovor bo‘lgan.
Beeline Uzbekistan VEON Group tarkibiga kiradi. VEON 2006 yildan buyon O‘zbekiston telekommunikatsiya sohasiga 1,6 mlrd AQSh dollaridan ortiq sarmoya kiritgan.
VEON – bu 150 milliondan ortiq aloqa va 229 million raqamli foydalanuvchiga aloqa va raqamli xizmatlar ko‘rsatuvchi raqamli operator. Dunyo aholisining 6% dan ortig‘i yashaydigan beshta mamlakatda faoliyat yuritib, VEON insonlarning imkoniyatlarini kengaytirish va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish uchun texnologiyalarga asoslangan xizmatlar orqali hayotni o‘zgartirmoqda. VEON aksiyalari NASDAQ birjasida sotiladi. Batafsil ma’lumot: https://www.veon.com.
Sayt: beeline.uz
Facebook: @beeline.uz
Instagram: @beeline_uzbekistan
Telegram: @beelineuzbekistan
X: @beeline_uz
LinkedIn: @beeline-uzbekistan


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter