12 mingdan ziyod shirinlik xaridi tekin aviamillar va dunyo bo‘ylab sayohat qilish imkonini berdi
Amerikalik Devid Fillips qurilishda ishlaydi, muhandis. U Healthy Choice tomonidan taqdim etilgan aksiyadan foydalanib, samolyotda uchish uchun millarni yutib olgan. Qanday qilib deysizmi?
Bu voqea 1999 yil sodir bo‘lgan. Kaliforniyadagi supermarketlardan biriga kirgan xaridor 12 ming donadan ortiq shokoladli pudingni sotib olmoqchi bo‘ldi. Ya’ni bir stakan puding 2 dollar...
Sotuvchilar hayron bo‘lib savol berishdi:
– Siz rostdan ham shuncha pudingga muhtojmisiz?
– Ha, omborda borini ham olib ketaman.
– Ehtimol, faqat bir necha dona olarsiz?
– Yo‘q, hammasi kerak. Hatto shu o‘rtadagi do‘konlardagi pudinglarni ham sotib olaman.
– Ularni nima qilasiz?
– Yevropaga bepul uchish uchun kerak.
Sotuvchilar xaridorning gaplaridan uni aqldan ozgan deb o‘ylashdi, hatto xavfsizlik xizmatidagilarni chaqirishdi, ammo erkakning holatidan birorta xavfni sezishmadi. Sotuvchilar oxiri pudinglarning hammasini sotishga qaror qilishdi. Ular xaridorning ushbu shirinlikni nima qilishini tushunmadilar, balki bu odamning o‘z xobbisi bor deb o‘ylashdi yoki puding vannasida cho‘miladi, kim bilsin?

foto:HuffPost.com
Nima uchun Devid Fillips noodatiy xaridni amalga oshirdi va pudinglarga 3 000 dollardan ko‘proq sarflashga qaror qildi?
Sabab shundaki do‘konga oddiy shirinlik muxlisi emas, balki tekin sayohat qilishni xohlaydigan sayohat muxlisi tashrif buyurgan edi.
Devid aksiyani oddiy reklama deb qo‘l siltab qo‘ymadi va matematikani ishga soldi. Muhandis sifatida u Healthy Choice muzlatilgan mahsulotlar aksiyasining qoidalarini diqqat bilan o‘qidi: har 10ta puding shtrix-kodi uchun 1 000 aviamil tekinga berilgan edi.
Ammo muammo paydo bo‘ldi: 12 000 donadan ortiq pudingdagi shtrix-kodni qisqa vaqtda yig‘ish mumkin emas edi, ya’ni u belgilangan vaqtdan yutqazishi mumkin.
Shunda Devid bir o‘q bilan ikki quyonni urdi: Salvation Army (xayriya tashkiloti) bilan kelishib, ularga sotib olgan pudinglardagi etiketkalarni olib berishni so‘radi, evaziga esa shirinlik xayriya uchun beriladigan bo‘ldi.
Bu ajoyib “bomba” g‘oya edi! Natijada u nafaqat shtrix-kodlarni, balki 800 dollarlik soliq imtiyozini ham oldi. Devid kuponlarni yig‘ib aviakompaniya shtab-kvartirasiga xat yubordi.
Menejerlar aksiya shartlarini ko‘rganda hayron qolishdi, lekin shart — shart. Devid Fillips 1 250 000 aviamilga ega bo‘ldi — umrbod «Gold client» (Oltin mijoz) statusi va istalgan joyga sayohat qilish imkoniyati.
Shuncha aviamilni u nima qilishi mumkin? AQSh bo‘ylab 50 ta borib-kelish reysiga, Avstraliyaga 21 marta borib-kelishga yoki Yevropaga 31 marta sayohat qilishga yetarli edi. Fillipsning hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu millarning umumiy qiymati taxminan 50 ming dollarga teng bo‘lgan. Bu voqea uni milliy va xalqaro miqyosda mashhur qildi. Gazeta, jurnal, radio, televideniye, internet “The Pudding Guy” (Pudingchi yigit) haqida yozdi.

Hatto Adam Sandler “Punch-Drunk Love” filmi uchun puding sahnasini aynan shu voqeadan ilhomlanib yaratgan.
Hech qancha o‘tmay Fillips yana bir aqlbovar qilmas kelishuvni amalga oshiradi — “Latin Pass”. U olti oy ichida 10 ta Lotin Amerikasi aviakompaniyasi orqali 1 million mil to‘playdi. Buni u atigi ikki safarda, 10 kun ichida bajaradi.
“Latin Pass” nima edi?
Bu tajriba AQSh ommaviy axborot vositalarida “mileage challenge” sifatida qayd etilgan va keyinchalik bunday aksiyalar yopilishiga sabab bo‘lgan.
Mexanizm shunday edi: Lotin Amerikasidagi 10 ta aviakompaniya o‘zaro mil hisoblash bo‘yicha kelishuvga ega bo‘lgan, ayrim reyslarda millar real masofadan ancha ko‘p hisoblangan, aviakompaniyalar o‘zaro hisob-kitobda bu farqni yetarlicha nazorat qilmagan.
Fillips shu tizimni puxta o‘rganib, qisqa vaqt ichida ko‘plab reyslarni bir-biriga ulab chiqadi. Natijada u atigi ikki safari davomida, jami 10 kun ichida 1 million mil to‘playdi. Aviakompaniyalar keyin tushunib yetadi: “Biz nima qilib qo‘ydik o‘zi...”
Nega bu loyiha yopildi? Chunki Fillipsga o‘xshagan odamlar tizimni “yorib” kirishdi, aviakompaniyalar milni pul deb hisoblamay yuborganini anglab yetishdi, Latin Pass tezda yopildi yoki qattiq cheklandi. Shundan keyin aviakompaniyalar aksiya shartlarini mayda harflarda yozishni, mil berishda o‘ta ehtiyotkor bo‘lishni boshladi. Devid Filips esa uni ikki safardayoq million milga aylantirgan kam sonli odamlardan biri bo‘ldi.
Umuman olganda, Fillips “pudingchi yigit” bo‘lishidan oldin va keyin 6 million mildan ortiq masofani bosib o‘tgan. Ammo u har doim millardan foydalanmaydi. “Agar San-Diyegoga 75 dollarga uchish mumkin bo‘lsa, mil ishlatish mantiqsiz”, deydi u.
Sayohatda voyaga yetgan farzandlar
Fillipsning qizlari — Keti va Emma puding tarixi ilk bor ommaga chiqqanida 7 va 5 yoshda edi. Puding voqeasi sabab ular sayohat sirlarini yaxshi o‘zlashtirib olishgan. “Ular haqiqiy professional”, deydi Filips. 19 yoshli Keti bir yili Italiyaga yolg‘iz o‘zi uchib borgan. 16 yoshli qizi esa AQShning Sharqiy sohiliga bir necha bor do‘stlarini ko‘rishga borgan — albatta, barchasi aviamillar hisobidan. Eng yodda qolarli sayohatlardan biri rafiqasi Sindi bilan Mavrikiy oroliga parvoz bo‘lgan bo‘lsa, “eng esda qolarli yigitlar sayohati” esa to‘rt kishi bo‘lib Peruga borganimiz”, deydi u. Oilaviy ta’tillar ichida esa Yukatan yarim oroli alohida o‘rin tutadi. “Men millar yordamida Meksikaga yettita bepul chipta olganman. Hozir bu ancha qiyin”, deydi Fillips o‘z intervyularida.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter