AQSh tinchlik rejasining «qahramonlari» kim ekani aniq bo‘ldi
Ukraina bo‘yicha tinchlik shartnomasi mualliflari kim ekani aytildi. AQShning maxsus elchisi Stiv Uitkoff va prezidentning kuyovi Jared Kushner tomonidan Ukraina uchun 28 banddan iborat reja tuzilgan. Axios nashrining manbalarga tayanib xabar berishicha, vitse-prezident J.D. Vens va davlat kotibi Marko Rubio hujjatni muhokama qilish uchun maqbul deb hisoblashgan.
Vens rejani ko‘rib chiqib, Rubio bilan maslahatlashgandan so‘ng, ikkalasi Prezident Donald Trampning roziligini olish uchun Oq uyda uchrashuv o‘tkazishgan.
Axios manbalariga ko‘ra, uchrashuv 18-noyabr kuni bo‘lib o‘tdi. Tramp oxir-oqibat muzokaralar uchun ruxsat berdi, chunki «Vens va Rubio 28 banddan iborat reja katta yutuqlarga olib kelishi mumkinligi haqida ishonchli dalillarni keltirdilar». Tramp shuningdek, takliflarni Ukraina tomoniga yetkazish uchun Vensning do‘sti, AQSh armiyasi kotibi Den Driskollni tanlashni tavsiya qildi. Driskoll allaqachon Ukrainaning harbiy tayyorgarligini baholash uchun Kiyevga borishni rejalashtirgan edi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh ma’muriyati a’zolari Ukraina bilan bog‘liq vaziyatni muntazam ravishda telefon orqali muhokama qilishgan. Trampning eng yaqin sheriklari haftada bir marta Vens, Rubio, Uitkoff, Kushner va Oq uy apparati rahbari Syuzi Uaylsdan iborat kichik guruhda uchrashishgan.
Axios’ning ta’kidlashicha, 23noyabr kuni Jenevada AQSh va Ukraina vakillari o‘rtasidagi muzokaralardan so‘ng reja 28 tadan 20 tagacha qisqartirildi. Ulardan 18 tasi bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ayrim tahlilchilar kelishuv bandlarini Rossiyaga yon bosilgan deya ta’rifladi.
Avvalroq AQSh ma’muriyati Ukrainadagi kelishuv bo‘yicha 28 banddan iborat rejani taqdim etgan edi. OAV xabarlariga ko‘ra, reja, boshqa narsalar qatori, NATO Nizomining 5-moddasiga asoslangan xavfsizlik kafolatlarini, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi tajovuz qilmaslik to‘g‘risidagi bitimni, Kiyevning NATOGA qo‘shilishdan bosh tortishini va Ukraina qurolli kuchlari sonini qisqartirishni o‘z ichiga olgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter