Britaniya deputati Maskning «xAI» kompaniyasini sudga berdi
Britaniya parlamenti a’zosi Jess Asato Ilon Maskka tegishli «xAI» kompaniyasiga qarshi sud da’vosi kiritdi. Uning aytishicha, kompaniyaning «Grok» sun’iy intellekt platformasi yordamida uning soxta va axloqqa zid tasvirlari yaratilgan.
Asato Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer rahbarligidagi Leyboristlar partiyasi deputati hisoblanadi. U «Grok» orqali yaratilgan kontent minglab ayollar va bolalarga zarar yetkazganini ta’kidladi.
«Bu tasodif yoki noto‘g‘ri foydalanish natijasi emas. Bu uni yaratganlar tomonidan qabul qilingan qaror», degan deputat.
«xAI» kompaniyasi hozircha da’vo yuzasidan rasmiy munosabat bildirmagan. Shu bilan birga, «Grok» bir necha davlatlarda regulyatorlar tekshiruvi markazida bo‘lib turibdi.
Deputat ofisi tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, Asato 2026-yil yanvar oyida «Grok» faoliyatini tanqid qilganidan keyin ijtimoiy tarmoqlarda uning soxta rasmlari tarqatilgan.
Asato London Oliy sudiga shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonunlarni buzish va shaxsiy hayot daxlsizligiga aralashish bo‘yicha da’vo kiritgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter