Erondagi namoyishlar, 17-kun: faollik pasaygan, qurbonlar soni 2 ming nafarga yetgan
28-dekabr kuni boshlangan Erondagi ommaviy norozilik namoyishlari 17 kundan beri davom etmoqda. 13-yanvar kuni butun mamlakat bo‘ylab atigi 14 ta aksiya qayd etildi, bu esa namoyishlar boshlanganidan beri eng past ko‘rsatkich bo‘ldi. Aksiyalar olti viloyatda o‘tgan. Bu haqda sharqshunos Nikita Smagin ma’lum qildi.
Uning kuzatishlariga ko‘ra, 13-yanvar kuni yirik namoyishlar bo‘lgani haqida ma’lumot yo‘q, faqat ikki holatda ishtirokchilar soni 100 nafardan oshgan. Namoyishlar faolligining pasayishi protestlar so‘nayotgani bilan bog‘liqmi yoki Eronda aloqa vositalarining uzilishi natijasimi — hozircha aniq emas.
NetBlocks loyihasi ma’lumotlariga ko‘ra, Eronda internet 100 soatdan ortiq vaqtdan beri o‘chirib qo‘yilgan. Kuzatuvchilarning ta’kidlashicha, avval namoyishlardan videolarni tarqatishga imkon bergan Starlink sun’iy yo‘ldosh interneti ham, ehtimol, bloklangan. Telefon aloqasi ham cheklangan.
AP manbalariga ko‘ra, poytaxtda bir nechta davlat binolari yoqib yuborilgan, markaziy hududlarda xavfsizlik kuchlari soni ko‘paygan. Huquq-tartibot organlari ko‘chada odamlarni to‘xtatib tekshirmoqda va uyma-uy yurib Starlink terminallarini qidirmoqda.
Eronlik faollar tomonidan tuzilgan HRANA tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishlar davomida kamida 646 kishi halok bo‘lgan. Ular orasida 505 nafar namoyishchi (jumladan, to‘qqiz nafar voyaga yetmagan), 133 nafar harbiy va politsiya xodimi, bir prokuror va namoyishlarda qatnashmagan yetti nafar fuqaro bor. Shuningdek, 10 700 nafardan ortiq kishi hibsga olingan. Reuters agentligiga ma’lumot bergan Eron hukumati vakili esa halok bo‘lganlar soni 2000 nafarga yetganini aytgan.
Ijtimoiy tarmoqlar va OAVlarda Tehron viloyatidagi Kahrizak shahri o‘likxonasida o‘nlab jasadlar aks etgan videolar tarqalgan.
Shu bilan birga, noroziliklar fonida ilk o‘lim jazosi ijro etilishi mumkinligi haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Kurd inson huquqlari tashkiloti Hengaw’ning ma’lum qilishicha, 26 yoshli Fardis shahrida yashovchi Efran Soltani qatl etilishi rejalashtirilgan. U 8 yanvar kuni hibsga olingan, 12 yanvar kuni esa oilasi unga o‘lim jazosi chiqarilganini bilgan. Qatl 14 yanvar kuniga belgilangan. Yaqinlari unga qo‘yilgan ayblar va sud jarayoni haqida ma’lumotga ega emas.
Fonda AQSh Eron bilan hamkorlik qilayotgan davlatlarga nisbatan 25 foizlik boj joriy etganini e’lon qildi. AQSh prezidenti Donald Trampga ko‘ra, Eron bilan savdo qilayotgan har qanday davlat AQSh bilan bo‘ladigan barcha tijorat operatsiyalarida 25 foiz boj to‘laydi. Bu qaror Eronga iqtisodiy bosimni yanada kuchaytirishi mumkin, biroq u Xitoy bilan AQSh o‘rtasidagi savdo kelishuvlariga ham xavf solishi mumkin.
Shuningdek, AQSh o‘z fuqarolarini zudlik bilan Eronni tark etishga chaqirdi. Ilgari bunday ogohlantirish 2025 yil iyun oyida, Eron yadroviy ob’yektlariga berilgan zarbalardan bir hafta oldin qilingan edi. Hozir ham Vashington harbiy variantni istisno qilmayapti, ammo yakuniy qaror qabul qilinmagan.
Tehron muzokaralarga tayyor ekanini ma’lum qildi. Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aragchining ta’kidlashicha, AQSh tahdid va bosimlarsiz muloqotga tayyor bo‘lsa, yadroviy masala bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilishi mumkin.
Donald Tramp esa eronliklarni namoyishlarni davom ettirishga chaqirib, «yordam yo‘lda» ekanini aytdi. Germaniya kansleri Fridrix Mers esa jahon hamjamiyati «oyatollalar rejimi so‘nggi kunlarini» kuzatayotganini bildirdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter