Etti opa-singil tarixi yoki baxt keltirmagan uzun sochlar

Opa-singil Sazerlendlar oilasi haqida kam odam eshitgan. Ular Charli Chaplin va Meri Pikford zamondoshi bo‘lib millionlab odamlarning qalbini zabt etishgan. Yetti opa-singilni nima shu qadar mashhur qilgan?
Sara, Viktoriya, Izabella, Greys, Naomi, Meri va Dora — yetti opa-singil 1851-1865-yillar oralig‘ida Nyu Yorkda tug‘ilishgan. Oilada birgina o‘g‘il bo‘lib, bosh farzand edi. Kambag‘al dehqon oilasidagi qizlar tarbiyali va o‘qimishli bo‘lsagina turmushga bera olishini ota-ona juda yaxshi tushunardi. Shuning uchun barcha qizlar nafaqat savodli, balki chiroyli qo‘shiq aytishar va cholg‘u asboblarini chalishni bilardi. Ularning eng katta boyligi esa umumiy uzunligi 11 metrdan oshgan sochlar edi. Katta opa Saraning sochlari eng qisqasi bo‘lib 90 sm. tashkil qilar, qolgan qizlarning sochlari 1,2 dan 1,8 metrgacha bo‘lgan, Viktoriyaniki esa deyarli ikki metr edi.
Ona qizlariga soch kesishni taqiqlagan. O‘sha davrlarda uzun sochlar ayolning eng muhim boyligi va obro‘si hisoblanardi. Opa-singillar birin-ketin voyaga yeta boshlaganda uyda musiqiy kechalar o‘tkazila boshlandi. Axir yetti qizni egalariga topshirish uchun shundan boshqa qanday yaxshi imkoniyat bo‘lishi mumkin? Biroq, mehmonlarga musiqa umuman qiziq bo‘lmay qoldi, ularni opa-singillarning uzun sochlari o‘ziga tortardi. Qizlar sharsharadek sochlarini go‘yoki ko‘z-ko‘zlash uchun turli holatda turishardi, ular xoh tik turishsin, xoh o‘tirishsin sochlari tovlanib atrofdagilarning e’tiborini tortardi.
Bu hodisa jamoatchilikka boshqacha ta’sir qildi. Chunki o‘sha davrlarda, hech bir ayol hech qachon jamoat oldida bunday ko‘rinishga jur’at eta olmasdi! Sochlari taralgan va yoyilgan ayolni faqat turmush o‘rtog‘i ko‘rishi mumkin bo‘lgan. Yetti opa-singilning shon-shuhrati atrofga tez tarqaldi. O‘shanda opa-singillarning eng kichigi 18 yoshda, kattasi esa 31 yoshda edi. 1882-yilda qizlar «Yerdagi eng g‘alati shou» deb nomlangan sirk truppasiga qo‘shilish taklifini oldilar. O‘sha davrda xalq orasida «g‘alati odamlar shoulari» nomi bilan mashhur bo‘lgan tomoshalar urfga aylangandi. Shunday qilib, soqolli ayollar, siam egizaklari, mittilar, suv parilari va shunga o‘xshash boshqacha odamlar orasida yettita go‘zal ayol paydo bo‘ldi.
Ularning muvaffaqiyati barcha yulduzlarnikidan oshib ketdi. Matbuot ularni «Amerikaning yetti mo‘jizasi» deb nomladi va ular ayol va go‘zallik timsoliga aylandi. Opa-singillar o‘zlarining chiqishlari bilan butun sirk truppasidan ko‘ra ko‘proq pul ishlashdi.
Ularning mashhurligi oshgandan oshdi, biroq, Florida, Alabama, Yangi Orlean va Atlanta bo‘ylab g‘alabali gastrol safaridan so‘ng, sirk tomoshalariga qiziqish sezilarli darajada kamaydi. Mamlakat tanazzulni boshdan kechirdi va ko‘pchilikning sirk o‘yin-kulgilariga vaqti yo‘q edi. Ammo ayol har doim ayol bo‘lib qoladi va uning orzusi — nozik qomatga, qordek oppoq tishlarga va ajoyib sochlarga ega bo‘lish. Shunday qilib, qizlarning otasi Fletcher Sazerlend boylik orttirish uchun navbatdagi qadamni qo‘ydi. U soch parvarishi uchun eliksir ishlab chiqara boshladi va uni patentladi. «Yetti Sazerlend opa-singillar» go‘yoki mo‘’jizaviy soch surtmasiga aylandi. Ushbu eliksirning bir shishasi 50 sentdan 1,50 dollargacha turardi, bu 19-asrdagi o‘rta sinfning bir kunlik yoki hatto bir haftalik ish haqiga teng. Endi opa-singillar g‘alati shoularda chiqishlari shart emas edi. Ular o‘zlarining dastxati tushirilgan fotosuratlar va o‘z suratlari aks etgan otkritkalarni sota boshladilar. Ularning muxlislari omad uchun hatto bir o‘rim soch sotib olishga umid qilishardi.
Sazerlendlarning soch parvarishi uchun tayyorlangan mahsulotlari shu qadar mashhur ediki, 1890 yilga kelib, daromad 3 million dollardan oshdi.
Opa-singillar yoshligini boylik ortidan quvib o‘tkazdilar. Ammo moda har doim o‘zgarib turadi. Shuningdek uzun sochlarga bo‘lgan havas ham vaqt o‘tib so‘ndi, uzun sochlar o‘rnini qirqilgan sochlar egalladi va mo‘’jizaviy eliksirga talab ham kamayib ketdi.
Bu paytga kelib opa-singillarning shaxsiy hayoti hali hamon izga tushmagan edi. Otalari vafotidan keyin qizlar o‘z pullarini mustaqil boshqarishni boshladilar. Pul osonlik bilan keldi va barmoqlar orasidan osongina sirg‘alib ketdi. Ular 14 xonali uy qurishdi, har bir opa-singilning o‘z xonasi va marmar vannasi bor edi. Uyda oqar suv bo‘lib bu o‘sha paytlarda Amerikada juda kam uchraydigan holat edi. Har bir ayolning o‘z xizmatkori bor edi. Uyda ko‘pincha mehmonlar bo‘lardi — kechki dasturxonga chaqirilardi , spektakllar qo‘yilardi, konsertlar uyushtirilardi.
To‘g‘ri ular orasida qizlarga befarq bo‘lmagan erkaklar ham yo‘q emasdi. Ammo jiddiy munosabatlar hech qachon amalga oshmadi. Faqat 1885-yilga kelib, beshinchi qiz Naomi 27 yoshda opa-singillar orasida birinchi bo‘lib turmushga chiqdi. 13 yillik turmushdan so‘ng Naomi 40 yoshga to‘lmasdan vafot etdi. Eng hayratlanarli voqea uchinchi qiz Izabella bilan sodir bo‘ldi. Frederik ismli yigit kenjatoy Dora bilan uchrashib yurdi va keyin o‘zidan 13 yosh katta bo‘lgan Izabellaga uylanib, hammani hayratda qoldirdi! Lekin ko‘p o‘tmay kuyov o‘z joniga qasd qildi va opa-singillar uni shisha tobutga joylashtirdilar, politsiya aralashib, yigitning jasadi qabrga qo‘yilgunga qadar u musiqa xonasida omma oldida namoyish etilgan. Mish-mishlarga ko‘ra, Izabella ikki yil o‘tgach, o‘zidan 16 yosh kichik bo‘lgan boshqa bir sarguzashtga o‘ch Alonso Svenga turmushga chiqqunga qadar har kecha uning dafn etilgan joyiga tashrif buyurgan.
Ellik yoshli Viktoriya esa o‘n to‘qqiz yoshli yigit bilan topishib oldi, bu holat opa-singillarni butunlay begonalashtirdi. Viktoriya uydan haydab chiqarildi. Sazerlendlar oilasidan faqat bitta qiz nafaqat turmush qurishga, balki ona bo‘lishga ham muvaffaq bo‘ldi. Xullas 1920 yillarga kelib, to‘rtta opa-singil — Naomi, Viktoriya, Izabella va Sara vafot etdi. 1926-yilda omon qolgan uchta opa-singil — Greys, Dora va Meri o‘zlarining hikoyalarini sotish umidida Gollivudga yo‘l olishdi. Ularning sayohati muvaffaqiyatsiz tugadi va Dora avtohalokatda vafot etdi. Meri vaqti-vaqti bilan ruhiy kasallikdan azob chekardi va ko‘pincha o‘z xonasida chiqmasdi. Keyinchalik u ruhiy kasalxonaga joylashtirildi va 1939 yilda vafot etdi. Oradan yetti yil o‘tgach Greys ham omonatini topshirdi. Ularning so‘ngi boyligi — hashamatli, minorali uy esa 1938 yilda yonib ketdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter