Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yevropa Ittifoqi arzon import tovarlariga yangi yig‘im joriy qildi

Yevropa Ittifoqi arzon import tovarlariga yangi yig‘im joriy qildi

Yevropa komissiyasi 1-iyuldan boshlab Yevropa Ittifoqiga boshqa mamlakatlardan import qilinadigan arzon tovarlar uchun 3 yevro miqdorida yig‘im joriy etdi.

Yangi tartib asosan marketpleyslar orqali olib kiriladigan o‘yinchoqlar, kiyim-kechak, elektronika va boshqa arzon iste’mol tovarlariga tatbiq etiladi. Yevropa komissiyasi qayd etishicha, shu vaqtgacha qiymati 150 yevrogacha bo‘lgan tovarlarning bojdan ozod qilinishi Yevropa Ittifoqidan tashqaridagi yetkazib beruvchilarga ustunlik yaratib kelgan.

Yig‘im tovarlar soniga emas, balki tarif tasnifiga qarab undiriladi. Masalan, beshta futbolkadan iborat bitta jo‘natma uchun 3 yevro, futbolkalar va soat joylangan jo‘natma uchun esa 6 yevro to‘lanadi.

Yevropa komissiyasi ma’lum qilishicha, ayrim yetkazib beruvchilar bojxona to‘lovlaridan qochish maqsadida tovarning qiymati yoki toifasini noto‘g‘ri ko‘rsatib kelgan. Shuningdek, ko‘plab mahsulotlar Yevropa Ittifoqining xavfsizlik standartlariga ham javob bermagan.

Komissiya fikricha, yangi chora Yevropa ishlab chiqaruvchilari uchun halol raqobat muhitini shakllantirish, iste’molchilarni xavfli mahsulotlardan himoya qilish hamda bojxona firibgarligiga qarshi kurashishga xizmat qiladi.

«Reuters» ma’lumotiga ko‘ra, yangi yig‘im birinchi navbatda «AliExpress», «Shein» va «Temu» kabi Xitoy marketpleyslari faoliyatiga ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.

2025-yilda ushbu platformalar orqali Yevropa Ittifoqiga 5,8 milliard dona posilka olib kirilgan bo‘lib, bu uch yil avvalgiga nisbatan to‘rt baravar ko‘pdir. «Cirrus Global Advisors» kompaniyasi maslahatchisi Derek Lossingning baholashicha, yaqin haftalarda marketpleyslardan Yevropa Ittifoqiga havo orqali tovar yetkazib berish hajmi 10 foizdan 35 foizgacha qisqarishi mumkin.

Yangi yig‘im 2028-yil iyuligacha amal qiladi, shundan keyin uni yagona Yevropa bojxona tizimi doirasida yangi tariflar almashtirishi rejalashtirilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring