Filippinda favqulodda holat joriy etildi
Filippin prezidenti Ferdinand Markos mamlakatda favqulodda holat e’lon qildi.
Favqulodda choralar «Kalmaegi» to‘fonining halokatli oqibatlari ortidan qabul qilindi. Tabiiy ofat tufayli kamida 140 kishi halok bo‘lgan, o‘nlab odamlar bedarak yo‘qolgan. Filippin Fuqaro mudofaa boshqarmasi ma’lumoticha, 2 millionga yaqin aholi zarar ko‘rgan, 560 mingdan ortiq kishi o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgan.
Sebu provinsiyasida, ayniqsa og‘ir ahvol kuzatilmoqda – yer silkinishi oqibatlaridan hali to‘liq tiklanmagan hududda butun mahallalar suv ostida qolgan yoki vayron bo‘lgan. Bu yerda 70 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, 65 nafar fuqaro bedarak yo‘qolgan.
Filippin harbiy-havo kuchlariga tegishli vertolyot halokatida ham 6 nafar harbiy xizmatchi halok bo‘ldi. Ular gumanitar yordam yetkazish uchun parvoz qilgan bo‘lib, fojia Agusan-del-Sur provinsiyasida sodir bo‘lgan.
Meteorologlar mahalliy aholini hushyorlikka chaqirmoqda – kelasi haftada yana bir kuchli to‘fon Filippin orollariga yetib kelishi mumkin. Mamlakatda har yili taxminan 20 ga yaqin to‘fon va dovullar kuzatiladi. Shuningdek, Filippinda o‘ndan ziyod faol vulqonlar va tez-tez sodir bo‘ladigan yer silkinishlari borligi tufayli u dunyodagi eng ko‘p tabiiy ofatlarga moyil davlatlardan biri hisoblanadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter