Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ilhom Aliyev Ozarbayjonni “jonli ko‘prik” deb atadi

Ilhom Aliyev Ozarbayjonni “jonli ko‘prik” deb atadi

Markaziy Osiyoni jug‘rofiy jihatdan G‘arb bilan bog‘lashda Ozarbayjon muhim o‘rin tutadi. Bu haqda Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev mahalliy telekanallarga bergan intervyusida gapirgan.

Avval xabar berganimizdek, 2025 yil 15-16 noyabr kunlari Toshkentda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Ushbu mashvaratda Ozarbayjon Respublikasi Maslahat uchrashuvlari formatiga to‘la huquqli a’zo sifatida qabul qilindi.

Ilhom Aliyev ushbu hodisani mamlakat tashqi siyosatida 2025 yilda erishilgan muhim yutuqlardan biri sifatida sanagan.

“Albatta, jug‘rofiy nuqtai nazardan biz Markaziy Osiyoda emas, balki Janubiy Kavkazda joylashganmiz. Lekin Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan ham ikki tomonlama, ham ko‘p tomonlama formatlarda yaqin aloqalarga egamiz. So‘nggi yillarda hamkorlikda shu qadar ko‘p loyihalar amalga oshirilmoqdaki, bu davlatlar bizni bir ovozdan to‘la huquqli a’zo deb tanladi... Markaziy Osiyo–Ozarbayjon ittifoqi va S5 formatining S6 ga aylanishi nafaqat mintaqamiz, balki butun dunyo uchun muhim hisoblanadi. Chunki bugun ko‘plab yetakchi xalqaro o‘yinchilar uchun robita, transport va logistika muhim ahamiyat kasb etadi. Bu o‘rinda Markaziy Osiyoni jug‘rofiy jihatdan G‘arb bilan bog‘lovchi yagona ishonchli mamlakat Ozarbayjon ekanini ta’kidlash lozim”,  – degan Ilhom Aliyev.

Ozarbayjon rahbariga ko‘ra, geografik nuqtai nazardan boshqa marshrutlar mavjudligiga qaramay, hozirgi geosiyosiy shart-sharoitda G‘arb uchun muqobil yo‘nalishlar maqbul emas. Bunday vaziyatda aynan Ozarbayjon mintaqalar o‘rtasida jonli ko‘prik va ishonchli hamkor bo‘la oladi, deb hisoblaydi siyosatchi.

Ma’lumot o‘rnida: Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov ham 2025 yil yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida rasmiy Boku tashqi siyosatida Markaziy Osiyo mintaqasiga alohida o‘rin berilganini ta’kidlagan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring