Ilhom Aliyevning Rossiyaga kelmagani sababi ochiqlandi
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning joriy yil 22-dekabr kuni Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tadigan norasmiy MDH sammitida qatnashmagani OAV va ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokama etilmoqda.
Minval nashri yozishicha, Ilhom Aliyevning Rossiya rahbari taklifiga qaramay sammitga kelmaganiga Moskva AZAL uchog‘i halokati qurbonlariga tovon puli to‘lashni va aybdorlarni jazolashni paysalga solayotgani sabab bo‘lgan.
«Ilhom Aliyevning MDH sammitida qatnashmagani bu – diplomatiyadagi pauza emas, balki institutsional ishoradir. Davlat barqarorligi uning javobgarlikni his etishi bilan belgilanayotgan dunyoda chala-yarim choralar ish bermaydi. Siyosiy tartib yakuniga yetmagan fojialar va quruq va’dalarga toqat qilmaydi. (Uchoq halokatining) bir yilligiga sanoqli kunlar qolmoqda va Moskvada hali yo‘l qo‘yilgan xatolarni to‘g‘rilash uchun vaqt bor – agar u bunday vaziyatlarda ko‘zda tutilgandek harakat qilishni chindan ham ham istayotgan bo‘lsa, albatta», – deb yozadi Ozarbayjon nashri.
Rossiyalik siyosiy tahlilchi Arkadiy Dubnov Ozarbayjon rahbari so‘nggi lahzalarda sammitga bormasligini ma’lum qilgani, unga qadar Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Ilhom Aliyevning tashrifi haqida bayonot berganiga e’tibor qaratgan. Tahlilchi ham ushbu hodisa Ozarbayjonga tegishli uchoqning urib tushirilishi bilan bog‘liq ekanini ta’kidlagan.
«Boku Kreml o‘zaro sulhning Ozarbayjon uchun maqbul shakliga tayyor emasligiga ishonch hosil qilgani sabab shunday yo‘l tutdi. Ushbu sulh Ozarbayjon–Rossiya munosabatlarida 2024-yilning 25-dekabrida Checheniston osmonida Ozarbayjonning AZAL aviashirkatiga tegishli yo‘lovchi samolyoti halokati ortidan yuzaga kelgan chuqur inqirozni bartaraf etmog‘i lozim edi», – deb yozadi A.Dubnov.
Avval xabar berganimizdek, Putinning voizi Dmitriy Peskov Kreml prezident Ilhom Aliyevning norasmiy MDH sammitida qatnashmaslik qarorini tushunishini aytgan edi.
Ozarbayjon davlat axborot agentligi esa ushbu qarorni Ilhom Aliyevning kun tartibi o‘ta tig‘iz ekani bilan izohlagandi.
Xabaringiz bor, «Azerbaijan Airlines» kompaniyasiga qarashli samolyot 2024-yil 25-dekabr kuni Qozog‘iston g‘arbidagi Oqtov shahri yaqinida qulab tushgan, oqibatda o‘nlab yo‘lovchi va ekipaj a’zolari halok bo‘lgan edi.
Halokatning ilk daqiqalaridayoq Bokudan Grozniyga parvoz qilayotgan Embraer 190 uchog‘i Rossiyaning havo hujumidan mudofaa tizimi orqali urib tushirilgani haqida taxmin ilgari surilgandi.
Keyinroq Ozarbayjon matbuot buni tasdiqlovchi dalillarni e’lon qilgan.
Ozarbayjon hukumati Rossiya ustidan uchoq halokati yuzasidan xalqaro sudga da’vo bilan murojaat qilishini bildirgan.
Joriy yil 27-iyun kuni Yekaterinburgda ozarbayjon millatiga mansub 50 dan ortiq shaxs qo‘lga olingani, hibsga olish payti ikki kishi halok bo‘lgani, yana bir necha kishi jarohatlangani ham Moskva va Boku o‘rtasidagi diplomatik taranglikni kuchaytirgan.
Tahlilchilar tobora geosiyosiy jihatdan mustaqil siyosat yuritishga urinayotgan Ozarbayjon Rossiyaning «katta og‘a»lik qilishiga ortiq toqat qilmasligini aytmoqda.
Prezident Aliyev joriy yil 9-may kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 80 yilligi tadbirida ham qatnashmagandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter