Indoneziyada ham bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlar taqiqlandi
Indoneziya hukumati 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun bir qator ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlashini ma’lum qildi. Bu haqda mamlakatning aloqa va raqamli texnologiyalar vaziri Meutya Hafid ma’lumot berdi.
Uning aytishicha, 28 martdan boshlab hukumat «yuqori xavfli» deb hisoblagan platformalarda 16 yoshdan kichik foydalanuvchilarning akkauntlari o‘chiriladi.
Taqiq quyidagi platformalarga taalluqli:
- YouTube
- TikTok
- Threads
- X
- Bigo Live
- Roblox
Vazirning ta’kidlashicha, bu qaror bolalarni internetdagi xavflardan himoya qilish maqsadida qabul qilingan.
«Bolalarimiz tobora real xavflarga duch kelmoqda – pornografik kontent, kiberbulling, onlayn firibgarlik va internetga qaramlik eng katta tashvish uyg‘otmoqda», – deydi u.
Hafidning so‘zlariga ko‘ra, mazkur qaror Indoneziyani yoshga qarab raqamli makonga kirishni cheklagan birinchi g‘arbdan tashqari davlatga aylantiradi.
YuNISEFning 2023-yilda e’lon qilingan tadqiqotiga ko‘ra, Indoneziyada so‘rovda ishtirok etgan 510 nafar bolaning qariyb yarmi ijtimoiy tarmoqlarda jinsiy mazmundagi tasvirlarga duch kelganini aytgan.
Shu bilan birga, mamlakatda pornografik materiallar tarqatadigan saytlar allaqachon taqiqlangan.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yil dekabrida Avstraliya ham 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlagan. Shu kabi choralarni Ispaniya ham ko‘rib chiqmoqda, Buyuk Britaniya esa bu masala bo‘yicha jamoatchilik muhokamalarini boshlagan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter