«Melissa» to‘foni yarim million yamaykalikni elektrsiz qoldirdi
Yamayka orolida kuchli «Melissa» to‘foni oqibatida 500 mingga yaqin kishi elektr ta’minotisiz qoldi. Tabiiy ofat mamlakatning janubi–g‘arbiy qismiga kirib, toshqinlar, yer ko‘chishlari va katta vayronagarchiliklarga sabab bo‘ldi.
Gidrometeorologlar ma’lumotiga ko‘ra, shamolning maksimal tezligi soatiga 295 km soatgacha yetgan. «Melissa» Yamayka tarixida kuzatilgan eng kuchli to‘fon sifatida qayd etildi.
Mamlakat bosh vaziri Endryu Xolness mamlakatni favqulodda holatdagi ofat zonasi deb e’lon qildi. Hozircha jabrlanuvchilar va zarar miqdori haqida aniq ma’lumot berilmagan.
To‘fon Yamaykadan so‘ng Kuba hududiga yetib bordi va bu vaqtda uning kuchi 5-dan 3-kategoriyaga tushgani qayd etildi. Kuba hukumati ma’lum qilishicha, mamlakat bo‘ylab 735 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilingan, ayniqsa Santyago-de-Kuba provinsiyasida yomg‘irlar natijasida toshqinlar yuz bergan.
Meteorologlar ma’lumoticha, «Melissa» endilikda Bagama va Bermud orollari tomon siljiyapti. To‘fon yo‘lidagi mamlakatlarga xavf darajasi yuqori ekani haqida ogohlantirish berilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter