Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Moskva Kiyevni Putin qarorgohiga hujumda ayblayapti. Bu Kiyevga hujum uchun bahona bo‘lishi mumkin

Moskva Kiyevni Putin qarorgohiga hujumda ayblayapti. Bu Kiyevga hujum uchun bahona bo‘lishi mumkin

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukraina Rossiya prezidentining Novgorod viloyatidagi Valdayda joylashgan davlat qarorgohiga dronlar yordamida hujum qilganini da’vo qildi. Biroq Lavrov bu da’volarga hech qanday dalil keltirmagan.

«Meduza»ning yozishicha, bu ma’lumotga mustaqil tasdiqlar ham mavjud emas.

«2025-yil 28-dekabrdan 29-dekabrga o‘tar kechasi Kiyev rejimi uzoq masofaga uchuvchi 91 ta dron yordamida Novgorod viloyatida joylashgan Rossiya prezidentining davlat rezidensiyasiga terroristik hujum uyushtirdi», – dedi Lavrov Moskvada jurnalistlarga.

Uning aytishicha, halok bo‘lganlar yoki yetkazilgan zarar haqida ma’lumot yo‘q.

Rossiya Mudofaa vazirligi esa Havo hujumidan mudofaa kuchlari 91 ta ukrain dronini urib tushirganini ma’lum qildi. Ulardan 41 tasi Novgorod viloyati, 49 tasi Bryansk viloyati va bittasi Smolensk viloyati ustida yo‘q qilingani aytildi.

Lavrov Rossiya bu hodisaga javob qaytarishini bildirdi:

«Bunday ahmoqona harakatlar javobsiz qolmaydi. Qarshi zarbalar beriladigan ob’yektlar va ularning vaqti Rossiya Qurolli kuchlari tomonidan aniqlab qo‘yilgan», – dedi u.

Shuningdek, u Rossiya AQSh bilan muzokaralardan chiqmasligini, biroq pozitsiya qayta ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi.

«Biz AQSh bilan muzokara jarayonidan chiqishni rejalashtirmayapmiz. Ammo davlatga nisbatan terrorizmi siyosatiga o‘tgan jinoiy Kiyev rejimi sharoitida Rossiyaning muzokara pozitsiyalari qayta ko‘rib chiqiladi», – dedi Rossiya TIV rahbari.

Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovning so‘zlariga ko‘ra, Vladimir Putin bu haqda 29 dekabr kuni telefon orqali AQSh prezidenti Donald Trampni ham xabardor qilgan. Ushakovning aytishicha, Tramp ushbu xabardan shokka tushgan va «bunday aqldan ozgan harakatlarni tasavvur ham qilmaganini» bildirgan.

O‘z navbatida, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Lavrovning bayonotini «Rossiyaning navbatdagi yolg‘oni» deb atadi. Uning fikricha, Moskva buni Kiyevga zarba berish uchun bahona sifatida ishlatmoqchi.

«Bu Rossiyaning navbatdagi yolg‘oni. Kecha (28-dekabr) Tramp bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ular bilishadiki, agar bizning AQSh bilan muammolarimiz bo‘lmasa, bu – Ukraina uchun yaxshi va rossiyaliklar uchun mag‘lubiyat. Ular urushni tugatishni istamaydi va bosim orqaligina bunga majbur bo‘lishi mumkin. Shu sababli, ular bunga bahona qidirdi», – dedi Zelenskiy jurnalistlarga.

U Rossiya bayonotlarini «juda xavfli» deb atab, bu AQSh va Ukraina o‘rtasidagi tinchlikka erishish bo‘yicha yutuqlarni yo‘qqa chiqarishi mumkinligini aytdi.

«Rossiyaliklar qandaydir rezidensiyaga zarba berilgani haqida ochiqdan-ochiq soxta xabar o‘ylab topdi. Bu ularga Ukrainaga, jumladan Kiyevga zarba berish va urushni tugatish bo‘yicha zarur qadamlardan bosh tortishga bahona uchun kerak», – dedi u.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga ham bu hodisani «soxtalashtirilgan» deb atab, Rossiya bundan faqatgina Ukrainaga qarshi yangi hujumlar uchun soxta asos yaratish va tinchlik jarayonini izdan chiqarish maqsadida foydalanayotganini aytdi.

Uning ta’kidlashicha, Ukraina Rossiya hududida faqat qonuniy harbiy ob’yektlarga, Rossiyaning Ukrainaga bergan zarbalariga javob tariqasida zarba beradi.

AQSh prezidenti Donald Tramp esa Oq uyda Isroil delegatsiyasi bilan uchrashuv oldidan jurnalistlar bilan muloqotda ushbu mavzuda fikr bildirdi. Uning aytishicha, bu haqda u Vladimir Putindan 29 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan telefon suhbati chog‘ida eshitgan.

«Bu menga yoqmadi. Bu yomon. Bugun ertalab bildim, prezident Putin menga hujumga uchraganini bildirdi. Bu yomon. Eslatib o‘taman, men Ukrainaga «Tomagavk» raketalari yetkazib berishni to‘xtatganman, chunki men bunday holat yuzaga kelishini istamaganman», – dedi Tramp.

Uning qo‘shimcha qilishicha, hodisa juda nozik pallada sodir bo‘lgan.

«Hozir buning mavridi emas. Urush doirasida harbiy harakatlar boshqa masala, lekin davlat rahbarining shaxsiy rezidensiyasiga hujum bu – butunlay boshqa, xavfli bosqich. Bunday qilish mumkin emas. Buni men prezident Putindan eshitdim va bu meni juda g‘azablantirdi», – dedi AQSh prezidenti.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring