Olovda yonmagan ayol yuragi...
Fransiya tarixida «yuz yillik urush» deb atalgan qirg‘inbarot davom etardi. Ingliz bosqinchilariga hech qanday kuch bas kelolmaydigandek tuyulardi. Kutilmaganda el-ulus o‘rtasida uzunquloq gaplar tarqaldi: nima deysan, afsungar Merlin bashorat qilganmish – yaqin orada qo‘liga oybolta tutgan bir qiz paydo bo‘larmishu hammaning najotkoriga aylanarmish…
Avliyona karomat ko‘p o‘tmay haqiqatga aylandi – tarix sahnasiga Janna ismli qiz chiqdi. Aytishlaricha, avvallari hech kim tanimagan-bilmagan dehqon oilasiga mansub cho‘pon qiz tush ko‘ribdi. Tushiga arvoh kirib, unga «Vatan qismati faqat sening qo‘lingda!» debdi.
Albatta, mish-mishlar o‘z yo‘liga, ammo bir narsa aniq: o‘sha cho‘pon qiz vaqti-soati kelib, rostdanam el-yurt koriga yaradi. O‘z atrofiga qo‘shin to‘plab, dushman sari boshladi. 1429-yil may oyida ilk g‘alabaga erishdi – Orlean shahrini dushman istibdodidan ozod etdi. Shunga ko‘ra, «Orlean qizi» degan sharafli nomga sazovor bo‘ldi.
Bu fransuz xalqining xaloskori, mislsiz jasoratlari asrlar osha tillarda doston bo‘lgan, Fransiya timsoliga aylangan afsonaviy qiz Janna d’Ark edi. Yuzaki qaraganda, siz u haqda go‘yoki barcha ma’lumotga to‘liq egasiz. Aslida-chi?..
U aslida kim edi oddiy dehqon qizimi yoki saroy malikasi?
Fransiya tarixi assotsiatsiyasi a’zosi – olim va tadqiqotchi Rober Ambelenning «Tarix fojialari va sirlari» asari bilan tanishgan kishi g‘alati xulosadan ogoh topadi. Muallif fikricha, Janna dehqon xonadonida dunyoga kelmagan, balki Fransiya qirolichasi Izabella Bovarskayaning nikohsiz tug‘ilgan farzandi bo‘lgan. Tadqiqotchi so‘zining isboti sifatida quyidagi dalillarni keltiradi: Janna hali jasorat ko‘rsatmasidanoq o‘ziga yarasha izzat-ikrom topgandi. Aniqrog‘i, o‘sha vaqtlarda ko‘plab imtiyoz va imkoniyatlar beradigan o‘z jangovar bayrog‘iga ega edi. Uning faqat qirollar avlodigagina nasib etadigan oltin shporlari (otliqlarning etigi poshnasiga qotiriladigan tepki), shuningdek, tayinli mulozimlari va taniqli zodagonlardan iborat shtabi bor edi.
Zamona zaylini e’tiborda tutsak, bunday xizmat doirasiga qora xalq vakillari kira olmasdi. Va nihoyat, Janna saroyga kirib kelganida aslida Betren dyu Geklenga tegishli shamshirni o‘ziga berishlarini talab qilgandi. Geklen betakror qahramonliklari ila dovruq qozongan mashhur ritsarlar jumlasidan edi. Shu bois uning shamshiri tom ma’noda tabarruk hisoblanar va bebaho meros sifatida qirol saroyida saqlanardi. Ambelenning ta’kidlashicha, bu qurol Orleanning marhum gersogiga, yanayam aniqrog‘i, Jannaning otasiga vasiyat qilib qoldirilgan. Inchunin, Anna shamshirni so‘rashga jur’at eta olgan hamda hech bir moneliksiz uni qo‘lga kiritgan. Bordi-yu, u gersogning qizi bo‘lmaganida, saroyga kirolmas, kirgan taqdirida ham, qilichga ega chiqolmasdi. Aks holda, bunday talab qo‘yishini tasodifiy odamning javohirlar xazinasiga kirib, podshoh tojini olish payida bo‘lishiga mengzash mumkin edi.
Merlinning karomati nechog‘li to‘g‘ri chiqqanini o‘rganishga chog‘langan qirol tabibi yo‘l-yo‘lakay yana bir dalilga oydinlik kiritadi. Ma’lum bo‘lishicha, Janna shamshirdan tashqari, jangovar oyboltani ham berishlarini talab qilgan ekan. Bu qurol esa mohir ustalar tomonidan unga atab oldindan maxsus yasalgan, tig‘i yuzasiga mo‘’jazgina toj tasviri tushirilgan va fransuzcha «J» harfi o‘yib bitilgan.
Ambelen Janna aslzodalardan ekanligini tushuntirarkan, «Qizdagi noyob fazilatlar unga otasi Lui Orleanskiydan o‘tgan» degan mazmundagi g‘oyani olg‘a suradi. Masalaga mantiqan yondashganda, bu fikrda jon borga o‘xshaydi. Negaki, Lui Orleanskiy ham kelajakni oldindan ko‘ra bilish qobiliyatiga ega bo‘lgan. Masalan, bir safar u o‘zi qachon o‘ldirilishini do‘stlariga aytib, hatto bu dahshatli qotillik qanday vaziyatda ro‘y berishini ipidan ignasigacha aniq-tiniq tasvirlab bergan.
Amerikalik parapsixolog J.Uoker ham Ambelen xulosasiga hamohang fikrlarni o‘rtaga tashlaydi. Janna tug‘ilganidanoq mo‘’jizavor xislatlarga ega bo‘lgani nazardan qochirilmasa, uning keyingi taqdiriga oid barcha jumboqlar o‘z-o‘zidan oydinlashishi mumkin, deb hisoblaydi.
Solnomachilarning guvohliklari bo‘yicha, Janna d,Ark hayoti bilan bog‘liq aql bovar qilmas jamiki hodisalar u parilar huzurida mehmon bo‘lib qaytganidan so‘ng boshlangan. Janna yashaydigan qishloq yon-atrofida Shenyu o‘rmoni yastanib yotardi. Shu yerdagi mo‘’jazgina daryoning tik qirg‘oqlari qalin qarag‘aylar bilan qoplagandi. Ularning orasida, mahalliy xalq aytib yuradigan rivoyatlarga ko‘ra, parilar daraxti ham o‘sardi.
Jajji Janna o‘rmonda kezishni xush ko‘rardi. Bir kuni navbatdagi sayrdan qaytadi-yu, ota-onasini g‘aroyib voqeadan ogoh etadi: u keksa qora qayinga yaqinlashganida qarshisida go‘yoki afsonalar o‘lkasining eshigi lang ochilgan emish! Ichkariga kirgach, parilar qirolining shaxsan o‘zi kutib olganmish va kelajak taqdiriga nimalar yozilganini bashoratlab berganmish. Shundan so‘ng Jannaning nazdida uning oldiga tez-tez arvohlar keladigan, qulog‘iga allanechuk tovushlar eshitiladigan bo‘lib qolganmish...
Ajablanarlisi shundaki, Janna o‘z umr xatiga taqdir qay tarzda nuqta qo‘yishini oldindan sezgan va bundan yaqin kishilarini vaqtida voqif etgan. O‘shanda San-Jak cherkovi tegrasida turgan qo‘shin navbatdagi jangga hozirlik ko‘rayotgan edi. Qo‘qqisdan Jannaning vujudini yana ilohiy his-tuyg‘ular chulg‘adi. U odatdagidek yerga cho‘kkaladi-da, ko‘zlarini yumgan ko‘yi tosh qotdi. Nimalar bo‘layotganini ilg‘agan do‘stlari xalaqit berishmadi. Anchadan so‘ng Janna o‘ziga kelib, shunday dedi: «Menga xiyonat qildilar... Meni sotdilar... Men bu qabihlikka qo‘l uruvchilarni bilaman. Faqat bitta afsusim bor, endi sizlarga hech qanaqa ko‘mak berolmayman. Chunki hademay o‘lim qo‘liga topshirilaman...»
Qo‘mondonlar hujumni boshqa vaqtga qoldirishni so‘rashdi. Ammo Janna rad etdi. Oqibatda dushman bilan to‘qnashuv payti burgundlik yoyandoz uni asir oldi. Kutilgan xoinlik ham ayni shu lahzalarda sodir bo‘ldi. Kapitan Gilom Flavi Jannaning jangchilari chiqqan darvozani berkitish va ko‘tarma ko‘prikni ko‘tarishni buyurdi. Qarabsizki, qal’a ichida qolib ketgan askarlar Janna d’Arkka yordamga yetib borolmadi...
Jannaning ajoyib-g‘aroyib xislatlari to‘g‘risida g‘animlari ham xabardor edilar. Shundanmi, ular jasur qizni, avvalo, jodugarlikda ayblashdi. Avliyo otalar va sud-politsiya mahkamasi vakillari eng qaltis damlarda Jannaning joniga oro kirgan tovushlar aslida nima ekanligini qayta-qayta so‘rayverib, uni o‘z holiga qo‘ymadilar. Qiynoqli so‘roqlar surunkasiga bir necha oy davom etdi.
Bir safar qiziq voqea sodir bo‘ldi. Azoblashlar avjiga chiqqan mahali holdan toygan mahbusa bezgak kasaliga chalinib, es-hushini yo‘qotayozdi. Zudlik bilan hibsxonaga chaqirilgan tabib sog‘lig‘ini tekshirib ko‘rgach, «Endi tibbiy muolajaning hojati yo‘q, u baribir o‘ladi» deganday, chorasiz qo‘l siltadi. Biroq shu asno yana mo‘’jiza takrorlandi. Qizning quloqlari ostida anchadan beri eshitilmay qolgan ovozlar yangray boshladi. Agar xalaqit berishmaganida, u ikki-uch kunga qolmay, o‘sha davr uchun davosiz sanalgan darddan xalos bo‘lib, oyoqqa turib ketardi.
Afsuski, «jodugar»ni gulxanda yoqishdi. Shunda avvalgidan-da hayratomuz voqeaning guvohi bo‘lishdi. Ko‘mir qoldiqlari va kul uyumlari orasidan mahkumaning mutlaqo kuymagan, zarracha zaxa yetmagan soppa-sog‘ yuragini topishdi.
Xo‘sh, Janna chindanam g‘aybdan keladigan tovushlarni eshitarmidi? Shunday bo‘lsa, ulardan ongli ravishda to‘la-to‘kis foydalanarmidi?
Ochig‘i, bu haqda tayinli ma’lumotlar saqlanib qolmagan. Faqat bir narsani taxminlash mumkin. O‘zidagi g‘ayritabiiy qobiliyatlarni yuzaga chiqarishida Jannaga ayrim kishilar ustozlik qilgan bo‘lishsa ajab emas. Ulardan biri vatanparvar qizga ko‘plab harbiy yurishlarda hamkorlik qilgan marshal Jil de Re edi. Karl Yettinchiga toj kiydirish marosimi aks ettirilgan ba’zi rasmlarni kuzatsangiz, Janna qirolning o‘ng tarafida, Jil de Re esa chap tomonida turganini ko‘rasiz. Bu marshal o‘z zamonasining taniqli kimyogarlaridan bo‘lib, qadimiy ezoterik ilmlar bilimdoni edi. U Jannaning mo‘’jizavor iste’dodini amalda dahshatli qurolga aylantirib yuborishi hech gap emasdi. Janna qatl qilingach, Jil de Re ham maxsus mahkama tomonidan hibsga olingani, jodugarlikda ayblanib, gulxanda kuydirilganining sababi, ehtimol, shundadir...
Kelajakni fahmlash qora kuchlar – jodugarlarga daxldor degan da’volarga javoban oddiy bir haqiqatni eslatib o‘tish joiz: janub diniy tashkiloti 1920 yili Janna d’Arkni avliyolar sirasiga kiritdi va shu zayl uning nomini butunlay oqladi.
Shak-shubhasiz, Janna d, Arkning foniy dunyodagi hayoti boshdan-oyoq sir-sinoatlarga to‘la. Mabodo, ularni tushuntirib berish uchun qandaydir asoslar topilganda ham, baribir, bitta voqea mavhumligicha qolaveradi. Dovyurak qizning butun jismi o‘tda kuyib kul bo‘lgani holida, yuragi qanday omon qoldi? Bu aslida Xudoning qudratidan, Janna biz yashab turgan dunyo vakili emasligidan dalolat emasmi?
Jannaning jismini Ro‘shnolik va Ezgulikning azaliy sohibasi zabt etgani bois uning yuragi beqiyos kuch-quvvat manbaiga aylangan. Bu yurak tafti sizu biz biladigan olov taftidan ancha baland bo‘lgan. 1430 yili Ruan shahri maydonida, o‘n minglarcha odamlar ko‘z o‘ngida Jannani lovullagan gulxanda kuydirishdi. Shunda Oriola jizg‘anagi chiqqan tanani ohista tark etdi-yu, cheki-chegarasi yo‘q Ko‘kka singib ketdi. Bo‘lgan voqeani ko‘rgan kishilar keyinchalik gulxan yolqini uzra yuksaklikka ko‘tarilgan «allanarsa» aslida kabutar yoki «Allohning farishtasi»ga juda-juda o‘xshashligini aytishgan. Mana endi Janna nima sababdan sud a’zolariga qarata: «Meni o‘zim kelgan joyga – Yaratganning huzuriga yuborishlaringizni so‘rayman» deganini tushungandirsiz.
...Darvoqe, o‘z el-yurtini dushman zulmidan xalos etishga bel bog‘lagan yosh qizning joniga qasd qilganlar ham qismat yozig‘idan qochib qutulolmadi. Ko‘p o‘tmay ularning barchasi qilmishiga yarasha ajr oldi. Jumladan, Janna d’Arkni gulxanda yoqishga fatvo bergan yepiskop Koshonning o‘zi ham aynan shunday jazoga loyiq deb topildi.
A.Haydarov


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter