Fransiyada mamlakatni NATOdan chiqarish tashabbusi ilgari surildi
Fransiya Milliy assambleyasining vitse-raisi Klemans Gete mamlakatni NATOdan chiqarish tashabbusi bilan chiqdi. U ijtimoiy tarmoqdagi X sahifasida ushbu masala bo‘yicha parlamentning quyi palatasida ovozga qo‘yish uchun rezolyusiya kiritishini ma’lum qildi.
«Fransiyaning NATO faoliyatida ishtirok etishi masalasi hech qachon bu qadar keskin turmagan edi. Bu alyans AQSh boshchiligidagi harbiy tuzilma bo‘lib, avvalo uning manfaatlariga xizmat qiladi. Men Fransiyani Shimoliy Atlantika alyansidan, avvalambor qo‘shma qo‘mondonlikdan chiqishga chaqiruvchi rezolyusiya loyihasini muhokamaga qo‘yyapman», – deb yozdi Gete.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday tashabbusga uni Vashingtonning so‘nggi geosiyosiy qadamlari undagan. Xususan, u AQSh harbiylari tomonidan Venesuela prezidenti Nikolas Maduroning o‘g‘irlab ketilishi bilan bog‘liq hodisani eslab o‘tgan. Shuningdek, Gete AQShning «Falastindagi genotsidga» harbiy yordam ko‘rsatayotgani va prezident Donald Trampning «Grenlandiyani qurolli anneksiya qilish bilan tahdid qilayotgani»dan ham tashvish bildirgan.
Shu bilan birga, avvalroq Fransiyadagi o‘ng qanotdagi «Patriotlar» partiyasi rahbari Florian Filippo prezident Emmanuel Makronning Ukrainaga qo‘shin yuborish haqidagi qarorini tanqid qilgan edi. U bu tashabbusni «sof aqlsizlik» deb atab, Parijni Moskva bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashuvga olib kelishi mumkinligini ta’kidlagan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter