Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Qassobga yog‘ qayg‘usi». Trampning kuyovi gumon ostida

«Qassobga yog‘ qayg‘usi». Trampning kuyovi gumon ostida

Foto: Getty Images

AQSh prezidenti Donald Trampning kuyovi Jared Kushner yaqinda Isroilning G‘azo sektoridagi urushni to‘xtatishida asosiy vositachi vazifasini bajargan edi. Buyuk Britaniyaning «The Guardian» gazetasi yozishicha, Kushnerning tinchlikparvar missiyasi ortida ehtimoliy tijoriy manfaatlar turibdi.

Joriy yil 10-oktyabr kuni G‘azoda ikki yil davom etgan va o‘n minglab falastinlik tinch aholi o‘limiga olib kelgan urushni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Trampning o‘zi ham Isroil parlamentidagi nutqida G‘azo sektoridagi urush yakunlanganini e’lon qildi.

Jared Kushner garchi rasman biror lavozimni egallamagan bo‘lsa-da, G‘azo sektoridagi harbiy harakatlarni to‘xtatishda Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff bilan birgalikda vositachilik qildi. Shu tariqa tomonlar omonat bo‘lsa-da, kelishuvga erishdi.  

«The Guardian» gazetasiga ko‘ra, Trampning kuyovi ayni paytda ulkan manfaatlar to‘qnashuvi gumoni ostida qolmoqda.

Gap shundaki, biznesmen Jared Kushner «Affinity Partners» deb atalgan sarmoya jamg‘armasini boshqarib keladi. Ushbu fondga Saudiya Arabistoni, Qatar, BAA kabi arab davlatlari milliardlab sarmoya kiritgan.

G‘azo sektorida urushdan keyingi tiklash-qurilish ishlari boshlansa, aynan «Affinity Partners» fondi ulkan foyda olishi kutilmoqda.

«The Guardian» jurnalistlari suhbatlashgan sobiq diplomatlar Kushner Trampning maxsus vakili, milliarder Stiv Uitkoff bilan birgalikda G‘azoda keng ko‘lamli rekonstruksiya loyihasini ilgari surayotganini aytgan. Loyiha G‘azoda yangi turarjoy majmualari, mehmonxonalar va port qurishni ko‘zda tutadi.

Ekspertlar fikricha, Trampning kuyovi Yaqin Sharq diplomatiyasini tijoriy manfaatlarga qorishtirib yuborgan.

«Bu keng miqyosdagi manfaatlar to‘qnashuvidir. Trampga tegishli tashkilot Yaqin Sharq bilan tijoriy jihatdan shu qadar chambarchas bog‘langanki, o‘t ochishni to‘xtatish rejimi ham korrupsiyani kuchaytirishi mumkin. Ular ko‘p pul topishga harakat qilayotgan bir paytda urushni to‘xtatish zamirida ham manfaat va rag‘bat istagi turgan degan fikr uyg‘onadi», – deydi Xalqaro siyocat markazi vitse-prezidenti Mett Dass.

Tramp ma’muriyati bu ayblovni rad etgan. Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levittning fikricha, «butun dunyoda hurmat qozongan», «tinchlik uchun qimmatli vaqtini sarflayotgan» Jared Kushnerni manfaatlar to‘qnashuvida ayblash mutlaqo nomaqbuldir.

Jared Kushner 1981-yilda developer Charlz Kushner oilasida tug‘ilgan. An’anaviy yahudiy ta’limotiga qat’iy amal qilishi aytiladigan Jared Kushner 2009-yilda Donald Trampning qizi Ivankaga uylangan.

«The Guardian»ga ko‘ra, Kushnerlar oilasi o‘n yillar mobaynida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan yaqin bo‘lib kelgan. O‘zaro aloqalar shu qadar yaqin bo‘lganki, Netanyahu AQShga tashriflaridan birida Kushnerlarning Nyu-Jersidagi uyida mehmon bo‘lgan. Charlz Kushner Isroilga aloqador loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlagan.

Trampning birinchi prezidentlik davrida (2017-2021) Jared Kushner qaynotasiga rasman maslahatchilik qilgan. Ikkinchi prezidentlik davrida esa kuyov biror rasmiy lavozimga tayinlanmagan.

Darvoqe, Tramp bir necha oy avval G‘azo sektorini «tozalash» maqsadida anklavning 1,5 million aholisini Misr va Iordaniyaga ko‘chirish kerakligini aytgan edi.

AQSh rahbari Falastin hududini «ko‘chmas mulk» deb iddao qilgandi.

Butun dunyo e’tiroziga sabab bo‘lgan G‘azo aholisini ko‘chirish va hududni «Yaqin Sharq Riverasi»ga aylantirish g‘oyasi ham aslida Jared Kushnerga tegishli.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring