San’at asarlari merosi – o‘g‘irliklar soyasida qolgan milliardlik tarix

Dunyo muzeylari, xususiy galereyalar va shaxsiy kolleksiyalarda saqlanayotgan san’at asarlari – insoniyatning eng nozik xotirasi, aql va ruh uyg‘unligining merosi hisoblanadi. Biroq so‘nggi asr davomida ushbu merosning katta qismi noqonuniy qo‘llarga tushib, aksariyati hozirgacha topilmagan.
Forbes nashri eng qimmat o‘g‘irlangan asarlar haqida ma’lumot to‘plab, e’lon qildi.
Ikkinchi jahon urushi san’at olami uchun nafaqat insonlar qon to‘kkani, balki millionlab dollarlik asarlarning g‘oyib bo‘lishi bilan ham yodda qoldi. Nemis harbiylari tomonidan tortib olingan Rafaelning «Yoshlik portreti» asari shular jumlasidan. Uning taxminiy qiymati 100 million dollar atrofida baholanadi. Ammo asarning qayerdaligi hozirgacha noma’lum. Xuddi shu taqdirni Pablo Pikasso, Karavadjo va boshqa rassomlarning asarlari ham «boshdan kechirishdi». Ularning turli mamlakatlarga tarqatilib ketgani, ba’zilari xususiy kolleksiyalarda mahfiy saqlanayotgani taxmin qilinadi.
San’at asarlari o‘g‘irlanishi faqat urush yillari bilan cheklanib qolgani yo‘q. Sal burun, 2010 yilda Kair muzeyida Van Gogning «Maklar» asari yo‘qolib qoldi. Oxirgi marta uni videokuzatuv kameralari qabulgoh devorida osiq holda qayd etgan, shundan keyin surat izsiz g‘oyib bo‘ldi. Ushbu asarning hozirgi bozor qiymati 50 million dollardan kam emas, ammo uning taqdiri hamon sir.
Butun dunyoda noqonuniy san’at bozori yashirincha ravnaq topmoqda. Mutaxassislar fikricha, bu turdagi iqtisodiy aylanma ayrim davlatlarda 6 milliard dollarga yetgan. Unda o‘g‘irlangan kartinalar, haykallar yoki tarixiy eksponatlar jinoiy sxemalar yordamida sotiladi yoki pul yuvish amaliyotida ishlatiladi. San’at asarlarining nusxa ko‘chirmalari tayyorlanib, haqiqiy originallar esa to‘liq yo‘qolib ketadi. Bu esa muzeylar va tarix ilmiga jiddiy zarar yetkazadi – chunki har bir asl asar o‘rnini hech qanday ko‘chirmalar bosa olmaydi.
Bu muammo xalqaro darajada jiddiy tarzda o‘rganiladi. Yevropa muzeylari, Interpol va san’at muhofazasi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar har bir yo‘qolgan eksponat uchun maxsus identifikatsiya raqamlari, fotoma’lumotlar va arxiv hujjatlarini jahon bazalariga kiritib keladi. Biroq ba’zida ayrim asarlar xususiy kolleksiyalarda mablag‘ yoki siyosiy ta’sir vositasiga aylanib bo‘lgani sabab ularni bir tizimga solishning imkoni bo‘lmaydi.
San’at asarlari o‘g‘irliklari ortida faqat moliyaviy manfaat emas, balki insoniyat xotirasiga nisbatan beparvolik ham yotadi. Yo‘qolgan har bir asar – bu tarixning uzilib qolgan rivoyati, madaniyatning bir bo‘lagi. Shuning uchun uni saqlash va himoya qilish faqat muzeylar vazifasi emas, balki butun jamiyatning mas’uliyati hisoblanadi.
Eng yirik 10 ta o‘g‘rilik:
- Rafael «Yosh yigit portreti» – taxminan 100 mln dollar;
- Vinsent Van Gog «Maklar» – taxminan 50 mln dollar;
- Pablo Pikasso «Yashil no‘xatlar ustidagi kabutar» – taxminan 28 mln dollar;
- Mikelandjelo Merizi da Karavadjo «Avliyo Fransisk va Lavrentiy bilan rojdestvo» – taxminan 20 mln dollar;
- Pol Sezann «Over-syur-Uaz manzarasi» – taxminan 5 mln dollar;
- Genri Mur «Yotgan shakl» – taxminan 4,6 mln dollar;
- Stradivarining Davidov-Morini skripkasi – taxminan 3 mln dollar;
- Ogyust Renuar «Sochlariga gul taqib, tirsagiga suyanib olgan Madlen» – taxminan 1 mln dollar;
- Frans van Miris Starshiy «Kavaler» – taxminan 1 mln dollar;
- Barbara Xepuort «Ikkita ko‘rinish» – taxminan 900 ming dollar.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter