Salvadorda jinoyatchi 1335 yilga qamaldi
Salvador sudi Mara Salvatrucha (MS-13) to‘dasining 248 nafar a’zosi ustidan hukm chiqardi, deb xabar berdi The Guardian. Ular juda ko‘p jinoyatlar, xususan, 43 ta qotillik va 42 ta bedarak yo‘qolganlik holati bo‘yicha ayblanayotgan edi.
Jinoyatchilardan biri 1335 yillik qamoq jazosini oldi. Yana 10 kishi 463 yildan 958 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilindi. Ishlar yakka tartibda ko‘rib chiqilganmi yoki jamoaviy tartibdami — xabarda aniqlik kiritilmagan.
Prezident Naib Bukele 2022-yil mart oyida mamlakatda favqulodda holat e’lon qilib, jinoiy guruhlarga qarshi kurashni kuchaytirdi, politsiyaga ayblanuvchilarni ordersiz hibsga olishga ruxsat berildi. O‘tgan davrda 90 mingdan ortiq kishi hibsga olinib, 8 mingga yaqini aybsiz deb topilib, ozodlikka chiqarilgan.
Rasmiy manbalarga ko‘ra, MS-13 hamda Barrio jinoiy to‘dalari so‘nggi 30 yildagi 200 000 mingta qotillikka aloqador. Ularga qarshi urush ochilguniga qadar, jinoiy to‘dalar mamlakat hududining taxminan 80 foizini nazorat qilgan va Salvador qotilliklar darajasi eng yuqori mintaqalardan bo‘lgan. Jinoiy guruhlar zo‘ravonlik bilan tadbirkorlardan pul undirib kelgan, oqibatda ko‘plar ishini yopishga majbur bo‘lgan. Bosqinchilikka qarshi davlat miqyosida kurash boshlaganidan so‘ng mamlakatda qotilliklar soni tarixiy minimumgacha kamaydi.
1335 yil — tarixdagi eng uzoq qamoq jazosi emas. Tailandlik ayol Chamoy Tipyaso firibgarligi uchun 2006-yilda 141078 yilga qamalib, Ginnessning rekordlar kitobiga kiritilgan. Biroq Tailandning 1980-yillarda qabul qilingan qonunlariga ko‘ra, ayol kishi qamoqda 20 yildan ortiq o‘tirishi mumkin emas edi. Tipyaso 8 yil qamoqda o‘tirganidan so‘ng, ozodlikka chiqarilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter