«Tinchlik g‘alaba qozonishi shart» — BMT Bosh kotibi jahon yetakchilariga murojaat bilan chiqdi
2026 yilning kirib kelishi arafasida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Yangi yil murojaati bilan chiqib, jahon yetakchilarini harbiy xarajatlarni oshirish emas, balki taraqqiyot va tinchlikni ustuvor yo‘nalish sifatida belgilashga chaqirdi.
BMT rahbariga ko‘ra, insoniyat bugun «chorrahada» turibdi: dunyoda beqarorlik va noaniqlik hukm surmoqda, odamlar esa o‘z yetakchilari ularni eshityaptimi va amaliy harakat qilishga tayyormi, degan savolni bermoqda. Guterrish ta’kidlaganidek, sayyora aholisining to‘rtdan bir qismi mojarolar hukmron hududlarda yashamoqda, 200 milliondan ortiq inson gumanitar yordamga muhtoj, qariyb 120 million kishi esa urushlar, inqirozlar, tabiiy ofatlar yoki ta’qiblar sabab o‘z uy-joyini tark etishga majbur bo‘lgan.
Bu murakkab vaziyat fonida global harbiy xarajatlarning keskin o‘sishi, ayniqsa, xavotir uyg‘otmoqda. Harbiy xarajatlar 2,7 trillion dollarga yetib, bir yil ichida qariyb 10 foizga oshgan. Agar hozirgi tendensiyalar saqlanib qolsa, 2035 yilga borib dunyodagi harbiy xarajatlar miqdori 6,6 trillion dollargacha yetishi mumkin.
Taqqoslash uchun: hozirgi 2,7 trillion dollarlik harbiy sarf-xarajatlar xalqaro rivojlanish yordamining umumiy hajmidan 13 barobar ko‘p bo‘lib, butun Afrika qit’asining yalpi ichki mahsulotiga teng keladi.
«Yangi yilda, keling, ustuvor maqsadlarni to‘g‘ri belgilashga qaror qilaylik. Xavfsizroq dunyo qurish uchun qashshoqlikka qarshi kurashga ko‘proq, urushlarga esa kamroq mablag‘ sarflash kerak. Tinchlik g‘alaba qozonishi shart», — dedi Antoniu Guterrish.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, hozirgi harbiy xarajatlarning 4 foizidan kamrog‘i 2030 yilgacha ochlikka barham berish uchun yetarli; 10 foizdan bir oz ortig‘i barcha bolalarni to‘liq emlash imkonini beradi; 5 trillion dollar esa daromadi past va o‘rta bo‘lgan mamlakatlardagi har bir bolaga 12 yillik sifatli ta’limni ta’minlashi mumkin.
Shuningdek, harbiy budjetning atigi 15 foizini qayta yo‘naltirish orqali rivojlanayotgan davlatlarning iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha yillik ehtiyojlarini to‘liq qoplash imkoni bor.
«Keling, og‘riq va vayronagarchilikni emas, insonlar va sayyora kelajagini tanlaylik. Yangi yilda adolat, insoniyat va tinchlik yo‘lida sa’y-harakatlarimizni birlashtiraylik», — degan murojaati so‘ngida Antoniu Guterrish.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter