Tramp Eronga “jiddiy harbiy chora” ko‘rilishini e’lon qildi
AQSh prezidenti Donald Tramp ayni paytda ommaviy namoyishlar domida qolgan Eronga nisbatan jiddiy harbiy choralar ko‘rilishidan ogohlantirdi.
“Biz Eronga nisbatan juda jiddiy chora-tadbirlar variantlarini ko‘rib chiqmoqdamiz. Men Erondagi namoyishlar haqida har soatda hisobot olib turibman. Qaror qabul qilaman, albatta. Ayrim namoyishchilar otib o‘ldirilgan. Bu masalani o‘rganyapmiz. Agar Eron mintaqadagi Amerika bazalariga hujum qilsa, biz ularga tasavvurlariga ham sig‘maydigan tarzda zarba beramiz”, – degan Tramp yakshanba oqshomida jurnalistlar bilan Air Force One uchog‘idagi suhbatda.
Eronda ommaviy norozilik namoyishlari boshlangan ilk haftadayoq Tramp Tehron hukumati tinch namoyishchilarni shafqatsizlarcha o‘ldirsa, Qo‘shma Shtatlar ularga yordamga borishi, armiya to‘liq jangovar shay holatda ekani haqida bayonot bergan edi.
O‘tgan hafta Eron oliy rahbari Ali Xomanaiy mamlakat bo‘ylab keng tarqalgan norozilik namoyishlari fonida fuqarolarni birlashishga da’vat etarkan, AQSh prezidenti Trampning qo‘llari mingdan ortiq eronliklarning qoni bilan bo‘yalganini aytdi.
Kuni kecha Eron parlamenti spikeri Muhammad Boqir G‘olibof Qo‘shma Shtatlar Eronga hujum qilgan taqdirda mamlakat Isroil va Amerika harbiy bazalarini nishonga olishidan ogohlantirdi.
Trampning so‘nggi bayonoti Vashington Eronga nisbatan jiddiy choralar, jumladan, harbiy bosqinni ko‘zlayotgan bo‘lishi mumkinligidan dalolat beradi.
AQShning Axios nashri 11 yanvar kuni Tramp Erondagi namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlash va amaldagi hukumatni zaiflashtirish uchun bir necha variantni ko‘rib chiqayotgani haqida yozdi.
Muhokama qilinayotgan variantlar orasida Eron hududiga harbiy zarba uyushtirish, kiberhujumlar tashkil etish, Tehron hukumatiga qarshi axboriy amaliyotlar o‘tkazish hamda sanksiyalarni kuchaytirish kabi choralar bor.
Axios manbalari Tramp barcha variantlarni ko‘rib chiqayotgani, ammo hali yakuniy qaror qabul qilmaganini aytgan.
Namoyishlar kuchayib ketgani ortidan Eronda internet uzib qo‘yilgan. Namoyishchilarni dastaklash uchun milliarder Ilon Mask eronliklarga sun’iy yo‘ldosh internetini taqdim etishi ham mumkin.
Ma’lumot o‘rnida: Erondagi ommaviy norozilik namoyishlari 2025 yil 28 dekabr kuni Tehrondagi katta bozorda boshlangan, ko‘plab savdogarlar giperinflyasiya va narx-navoning keskin ko‘tarilishiga qarshi norozilik sifatida do‘konlarini yopgan edi. Namoyishlar tez orada butun mamlakatga yoyildi.
CNN Erondagi inson huquqlari tashkilotiga tayanib xabar berishicha, namoyishlar davomida 490 kishi halok bo‘lgan.
Eron davlat matbuoti esa g‘alayonlarda kamida 109 nafar xavfsizlik kuchlari xodimlari o‘ldirilgani haqida xabar bergan.
Namoyishlar kuchayib borayotgan sharoitda halok bo‘lganlarning aniq sonini tasdiqlash imkoni mavjud emas. Shu bois bu borada turli raqamlar ilgari surilmoqda.
Dastlab iqtisodiy talablardan boshlangan namoyishlar to‘laqonli siyosiy norozilik harakatiga aylanib ketganini kuzatish mumkin. Ayrim namoyishchilar Islom respublikasi boshqaruvini bekor qilib, monarxiyani tiklashni talab qilmoqda. Namoyishchilar “Diktatorga o‘lim!”, “Bu oxirgi jang, Pahlaviy qaytib keladi”, “Taxt vorisi, qayerdasan? “Bizni qutqar!”, “Yashasin shoh!” kabi shiorlarni ham ko‘tarib chiqqan.
Eronning 1979 yilda taxtdan ag‘darilgan shohi Muhammad Rizo Pahlaviyning o‘g‘li shahzoda Rizo Pahlaviy namoyishchilarni Eronning yirik shaharlarini egallashga da’vat etib kelmoqda. Ayni paytda AQShda yashayotgan 65 yoshli Rizo Pahlaviy 11 yanvar kuni Fox News telekanaliga bergan intervyusida Eronga qaytishga tayyor ekanini bildirdi. Sobiq shohning o‘g‘li AQShni Eronda Islom respublikasi tuzumini ag‘darish uchun keskin choralarga undamoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter