Tramp va Maduro «aytishuvi»: MRB Venesuelada yashirin operatsiyalar o‘tkazadi

AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakat Markaziy razvedka boshqarmasiga (MRB) Venesuela hududida yashirin operatsiyalar o‘tkazish uchun ruxsat berganini ma’lum qildi. Bu haqda u chorshanba kuni kechqurun OQ uyda jurnalistlar bilan suhbatda aytdi.
Trampning bayonoti so‘nggi haftalarda AQSh harbiylari Karib dengizi hududida narkotik moddalar tashishda gumon qilingan kemalarga zarbalar berganidan so‘ng yangradi. Sentyabrdan beri kamida beshta qayiq yo‘q qilingan, 27 kishi halok bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ularning to‘rttasi Venesueladan chiqqan.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Vashington bunday qarorni qabul qilishga ikki asosiy omil tufayli majbur bo‘lgan.
«Men buni ikki sabab bilan sanksiya qildim.
Birinchidan, ular o‘z turmalaridagi mahbuslarni Amerika Qo‘shma Shtatlariga yuborishdi.
Ikkinchidan, narkotiklar – Venesueladan AQShga ko‘p miqdorda giyohvand moddalar kelmoqda va ularning ko‘p qismi dengiz orqali tashiladi», – dedi Tramp.
Uning qo‘shimcha qilishicha, ma’muriyat «quruqlikdagi zarbalarni ham ko‘rib chiqmoqda».
Shu kunning o‘zida Venesuela prezidenti Nikolas Maduro milliy televideniyeda chiqish qilib, MRBning dunyo bo‘ylab nizolardagi faoliyatini tanqid qildi va tinchlikka da’vat etdi.
Maduro MRBning faoliyatini tanqid qilib, uning «rejim almashtirish amaliyotlari»ni Afg‘oniston, Iroq va Liviyadagi uzoq davom etgan fojialar bilan solishtirdi.
«MRB amalga oshirgan to‘ntarishlarga yo‘q, deymiz! Bu bizga Argentinadagi harbiy diktatura (1976–1983) davrida bedarak yo‘qolgan 30 ming odamni esga soladi», – deydi u.
Maduro Chilidagi 1973 yilgi to‘ntarishni ham yodga olgan va Lotin Amerikasi buni xohlamasligini, ehtiyoj sezmayotganini qo‘shimcha qilgan.
Venesuela Tashqi ishlar vazirligi ham bu borada rasmiy bayonot berib, Trampning so‘zlarini «urushga chaqiruvchi va xatarli» deb atadi.
«AQSh prezidentining bu bayonoti xalqaro huquq va BMT Nizomiga zid bo‘lib, jahon hamjamiyati tomonidan qat’iy qoralanishi lozim», – deyiladi vazir Ivan Gilning Telegram-kanalidagi bildiruvda.
AQSh Kongressining ikki yirik partiya vakillari ham Tramp ma’muriyatining Venesuela narkokartellariga qarshi harbiy harakatlarini tanqid qildi.
Bu oy boshida Tramp ma’muriyati venesuela narkokartellarini terrorchi guruhlar deb e’lon qilgan va AQSh «ular bilan qurolli to‘qnashuvda» ekanini bildirgan. Rasmiy izohga ko‘ra, bu narkotik oqimini to‘xtatish uchun zarur qadam bo‘lgan.
Biroq kongressmenlar Trampni Kongress ruxsatisiz urush boshlaganlikda aybladi.
Shu bilan birga, ikki nafar amerikalik rasmiyning aytishicha, hozircha hujum qilingan qayiqlar haqiqatdan ham giyohvand moddalar tashiganiga oid dalillar taqdim etilmagan.
Manba: ru.euronews.com
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter