Tramp va Zelenskiy «tinchlik rejasi»ning 90–95 foizini kelishib oldi
AQSh va Ukraina Florida shtatining Mar-a-Lago qarorgohida bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida tinchlik rejasining asosiy qismi bo‘yicha kelishuvga erishgan. AQSh prezidenti Donald Tramp va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning ma’lum qilishicha, rejaning 90–95 foizi kelishilgan, ammo Donbass masalasi hozircha hal etilmagan.
«Biz tinchlik kelishuvining barcha jihatlarini muhokama qildik. Tinchlik rejasining 20 bandining 90 foizi kelishildi. AQSh tomonidan Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari 100 foizga kelishilgan. AQSh-Yevropa-Ukraina formatidagi kafolatlar deyarli tayyor. Ukrainani tiklash rejasi ishlab chiqilmoqda. Faiat hududlar masalasi juda murakkab va ochiq qolmoqda. Ehtimol, tinchlik rejasi parlamentda yoki referendum orqali tasdiqlanishi kerak», – dedi Vladimir Zelenskiy.
Matbuot anjumani yakunida Donald Tramp AQSh va Ukraina referendum o‘tkazish uchun o‘t ochishni to‘xtatish masalasini muhokama qilmaganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, vaqtinchalik sulhni osonlikcha buzish mumkin.
«Juda yaxshi uchrashuv bo‘ldi. Biz ko‘p masalalarni muhokama qildik. Putin bilan ham samarali telefon suhbati bo‘ldi. Yevropa yetakchilari bilan gaplashdik. Menimcha, urushni tugatish masalasida katta olg‘a siljishga erishdik. Deylik, 95 foizga yaqinlashdik. Yaqin ikki hafta ichida Zelenskiy bilan yana aloqalar bo‘ladi, ulardan biri 29-dekabrga rejalashtirilgan. Hozir kelishuvga erishish kerak, aks holda yangi hududlar bosib olinishi mumkin», – dedi Tramp.
Avvalroq Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov Vladimir Putin va Donald Tramp o‘rtasidagi telefon suhbatidan so‘ng, Rossiya va AQSh rahbarlari fikricha, vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish mojaroni cho‘zib yuborishi mumkinligini aytgan edi.
Shu bilan birga, Vladimir Zelenskiy avvalroq kamida 60 kunlik sulh e’lon qilish va shu davrda tinchlik rejasini, jumladan Donbass masalasini referendumga chiqarish taklifini bildirgan.
Donald Trampning aytishicha, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni bir necha hafta ichida yakunlash mumkin.
«Eng yomon holatda bu amalga oshmasligi ham mumkin, chunki ayrim masalalarda qiyinchiliklar bor. Lekin menimcha, bir necha hafta ichida biz baribir natijani ko‘ramiz. Qachon hal etilishini bilmayman, ammo biz bunga erishamiz», – dedi AQSh prezidenti.
Floridada bo‘lib o‘tgan AQSh va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralar taxminan ikki soat davom etdi. Shundan so‘ng tomonlar Yevropa yetakchilari bilan videokonferensiya o‘tkazdi. Italiya tashqi ishlar vaziri Antonio Tayanining aytishicha, suhbatda Italiya bosh vaziri Jorja Meloni ham ishtirok etgan.
Finlyandiya prezidenti Aleksandr Stubbning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar «urushni to‘xtatish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni muhokama qilgan».


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter