XAMAS yana ikki isroillikning jasadini qaytardi

HAMAS Isroilga yana ikki nafar halok bo‘lgan garovdagi shaxslarning jasadlarini topshirdi.
The Times of Israel nashri yozishicha, ular – Inbar Hayman va Muhammad al-Atrash.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 27 yoshli Hayman Hayfa shahrida yashagan bo‘lib, 2023 yil 7 oktyabrda «Nova» musiqa festivaliga qilingan hujum paytida o‘ldirilgan. Uning jasadi keyinchalik G‘azo hududiga olib ketilgan.
Muhammad al-Atrash esa Isroil mudofaa qo‘shinlarida (SAXAL) xizmat qilgan va Naxal-Oz atrofidagi janglarda halok bo‘lgan. Uning jasadi ham G‘azoga olib ketilgan edi.
The Times of Israel ma’lumoticha, HAMAS hanuz 19 nafar isroillik fuqarolarning jasadlarini ushlab turibdi.
AQSh prezidenti tashabbusi bilan ishlab chiqilgan tinchlik rejasiga ko‘ra, HAMAS Isroilga barcha garovdagi shaxslarni – tirik yoki halok bo‘lgan – qaytarishi lozim.
13-oktyabr kuni XAMAS 20 nafar tirik garovdagilarni ozod etgan. Shundan so‘ng guruh o‘ldirilganlarning jasadlarini qaytarishni boshlagan. Biroq 15 oktyabr kuni ma’lum bo‘lishicha, qaytarilgan jasadlardan biri boshqa shaxsga tegishli bo‘lgan.
Isroil rasmiylari ta’kidlashicha, garovdagi fuqarolarning jasadlarini qaytarish – kelishuvning asosiy sharti hisoblanadi. Agar bu talab bajarilmasa, harbiy harakatlar qayta boshlanishi mumkin.
XAMAS esa o‘z navbatida, ular faqat «topish imkoni bo‘lgan jasadlarni» qaytarayotganini, qolganlarini izlash uchun «katta kuch va maxsus uskunalar» kerakligini aytdi. Guruh «bu masalani hal etish uchun jiddiy harakat qilayotganini» ham qo‘shimcha qilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter