Zelenskiy Yevropa va AQShdan qanday xavfsizlik kafolatlarini kutyapti?
22-dekabr kuni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukraina va AQSh kelajakdagi tinchlik kelishuvi hamda xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha asos bo‘ladigan hujjatlar to‘plami ustida ishni yakunlaganini ma’lum qildi. Bu haqda «Suspіlne» xabar berdi.
Asosiy hujjat — xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risidagi kelishuv bo‘lib, unda Ukraina armiyasini qo‘llab-quvvatlashga oid yopiq ilovalar va batafsil ma’lumotlar joy olgan. Shuningdek, mamlakatni tiklash bo‘yicha shartnomaning dastlabki loyihalari ham tayyor.
«Menimcha, dastlabki loyihalar uchun qilinishi mumkin bo‘lgan barcha ish qilindi. Ilk ishlanmalar deyarli 90 foizga tayyor. Shartnoma imzolangandan keyin armiyamiz va Ukraina nimalarga tayana oladi, qanchalik kuchli bo‘lishimiz mumkin – mana shular biz uchun juda muhim bo‘lgan jihatlar», – dedi Zelenskiy.
Ukraina prezidenti o‘zining Telegram-kanalida Ukraina Yevropa va AQShdan kutayotgan xavfsizlik kafolatlari ro‘yxatini e’lon qildi:
- Ukraina Qurolli Kuchlarining soni 800 ming nafarni tashkil etadi. Ukraina sherik davlatlar bu miqyosdagi armiyani ta’minlash uchun zarur moliyaviy yordam berishini kutmoqda.
- Ukraina Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘ladi.
- 30 ta davlatdan iborat «xohlovchilar koalitsiyasi» Ukrainaga havoda, quruqlikda va dengizda, shuningdek energetika, moliya, gumanitar yordam va boshpana sohalarida xavfsizlikni ta’minlaydi.
- AQSh xavfsizlik kafolatlarini taqdim etadi (ular yuridik jihatdan majburiy bo‘ladi va AQSh Kongressi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi), shuningdek Ukraina armiyasi uchun harbiy tiyib turish paketini taqdim etadi.
Zelenskiyning aytishicha, so‘nggi kunlarda Ukraina delegatsiyasi AQShda Donald Tramp ma’muriyati bilan muzokaralar o‘tkazgan va hozir Kiyevga qaytmoqda.
«Ayni paytda amerikaliklar Rossiya vakillari bilan muzokaralarni davom ettirmoqda. Ular gaplashadi, shundan keyin biz fikr-mulohazalarni olamiz. Biz tomondan barcha zarur ma’lumot taqdim etildi», – deya qo‘shimcha qildi Ukraina prezidenti.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter