Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qo‘qonga yo‘l olgan 13 yoshli qiz G‘ijduvonda to‘xtatib qolindi

Qo‘qonga yo‘l olgan 13 yoshli qiz G‘ijduvonda to‘xtatib qolindi

Foto: Kun

Ijtimoiy tarmoqdagi bir tanishuv 13 yoshli romitanlik voyaga yetmagan qizni yuzlab kilometr uzoqlikdagi yo‘lga boshlagan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tezkor harakat qilmaganida, bu voqeaning qanday oqibatlar bilan tugashi noma’lum edi, albatta.

Ma’lum bo‘lishicha, Romitan tumani Qumrobod mahallasida yashovchi, 13 yoshli qiz joriy yilning 13-iyul kuni ertalab uyidan chiqib ketgan va qaytib kelmagan. Shu kuni uning bobosi viloyat Ichki ishlar boshqarmasiga murojaat qilib, nevarasining bedarak yo‘qolganini ma’lum qilgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qiz internet orqali Qo‘qon shahrida yashovchi A. ismli yigit bilan tanishgan. U bilan shaxsan uchrashish maqsadida oila a’zolarini ogohlantirmasdan, uyidan chiqib ketgan.

Buxoro viloyati IIB axborot xizmati rahbarining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, holat yuzasidan ichki ishlar xodimlari tomonidan o‘z vaqtida kechiktirib bo‘lmas vaziyatlarda qidiruv ishlari amalga oshirilgan. Tezkor choralar samara bergan. 

Romitan tumani Ichki ishlar bo‘limi xodimlari zudlik bilan qidiruv tadbirlarini boshlagan. Tezkor surishtiruvlar davomida qizaloq Buxoro–Farg‘ona yo‘nalishida harakatlanayotgan «Cobalt» rusumli taksida Qo‘qon shahriga ketayotgani aniqlangan. 

Voyaga yetmagan qizaloqning yo‘qolishi yuzasidan o‘tkazilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida ehtimoliy ko‘ngilsiz holatning oldi olingan. Internet orqali tanishgan A. Ismli yigit bilan uchrashish uchun Qo‘qon shahriga yo‘l olgan 13 yoshli qiz G‘ijduvon tumani hududida to‘xtatilib, oilasi bag‘riga sog‘-salomat qaytarilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar qonuniy baho berish uchun Romitan tumani prokuraturasiga yuborilgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan holatning barcha jihatlarini aniqlash yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.

Bu voqea internet orqali o‘rnatiladigan tanishuvlar, ayniqsa, voyaga yetmaganlar ishtirokidagi muloqotlar qanchalik xavfli oqibatlarga olib kelishi mumkinligini yana bir bor ko‘rsatadi. Ota-onalarni farzandlarining internetdagi muloqotiga befarq bo‘lmaslikka, ular bilan doimiy muloqotda bo‘lishga chaqiramiz,—deydi axborot xizmati rahbari.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring