Tomdida avtobus ag‘darildi: qurbonlar va jarohatlanganlar bor
Navoiy viloyati Tomdi tumanida yo‘lovchi tashuvchi avtobusning ag‘darilib ketishi oqibatida 2 kishi vafot etib, 9 kishi yaralandi. Avtobus salonida jami 47 nafar yo‘lovchi bo‘lgan.
Navoiy viloyati IIB axborot xizmati rahbari Fayozjon Qosimovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, ayni paytda holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Ta’kidlanishicha, joriy yilning 5 yanvar kuni, taxminan soat 7:40 larda Tomdi tumanining «Tomdibuloq» OFY hududidan o‘tgan A-379 - «Navoiy-Uchquduq» xalqaro ahamiyatga molik avtomobil yo‘lining 167-168 kilometrida ayanchli yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.
«Yo‘lga chiqishidan avval ko‘rikdan o‘tkazilganda, texnik jihatdan soz bo‘lgan «ZHONG TONG BUS» rusumli yo‘lovchi tashish avtobusi «Zarafshon-Navoiy» yo‘nalishi bo‘ylab harakatlangan. Avtobusni 17 yillik tajribaga ega bo‘lgan 40 yoshli haydovchi boshqarib kelgan. Dastlabki o‘rganuvga ko‘ra, haydovchi rul boshqaruvini yo‘qotib, yo‘nalishi bo‘yicha yo‘lning o‘ng tomoniga chiqib ketib, ag‘darilgan», - dedi Fayoz Qosimov.
Hodisa oqibatida yo‘lovchi sifatida ketayotgan 2 nafar fuqaro olgan og‘ir tan jarohatlari sabab voqea joyida vafot etgan. Turli ko‘rinishdagi tan jarohatlari olgan 9 nafar fuqaro esa tibbiyot muassasalariga yotqizilgan.
Fayoz Qosimovning so‘ziga ko‘ra, bu mudhish holatning yuzaga kelishiga faqatgina haydovchining rul boshqaruvini yo‘qotgani emas, balki, u bilan bog‘liq boshqa sabablar ham bo‘lishi mumkin.
«Bu esa tergov harakatlari jarayonida o‘rganiladi va keyinroq bu haqda to‘liq ma’lumot taqdim etiladi», - dedi u.
Hozirda vaziyatni to‘liq o‘rganish, jabrlanganlar va ularning oila a’zolariga yordam ko‘rsatish hamda og‘ir oqibatlarga olib kelgan shart-sharoitlarga huquqiy baho berish maqsadida Navoiy viloyati IIB tomonidan voqea tafsilotlari o‘rganilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter