Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

To‘xtashni istamagan haydovchining mashinasidan portlovchi moddalar topildi

To‘xtashni istamagan haydovchining mashinasidan portlovchi moddalar topildi

Foto: Xabar.uz

Navoiy viloyati, Nurota tumanida o‘z avtoulovida portlovchi moddalarni olib ketayotgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda «Xabar.uz»ga Navoiy viloyati IIB axborot xizmati rahbari Fayoz Qosimov ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, Nurota tumani hududida «Xavfsiz va sog‘lom yurt» tezkor-profilaktik tadbir o‘tkazilgan. Ushbu tadbir Navoiy viloyat IIB tezkor qidiruv xizmati jinoyat qidiruv boshqarmasi uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi hamda davlat xavfsizlik xizmati Navoiy viloyati boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan.

Jarayonda Samarqand viloyatidan kirib kelayotgan avtoulovga gumonlanib, «to‘xtash» ishorasi berilgan. Biroq, inspektor ogohlantirishiga qaramay, haydovchi avtoulovini to‘xtatmagan. Tadbir manzilidan ancha olislab qochib ketishga uringan haydovchi to‘xtatilgan. Haydovchining asli samarqandlik, muqaddam sudlangan 42 yoshli R.B. ekani aniqlangan. Undan «to‘xtash» ishorasiga qaramay, nega qochib ketgani so‘ralganda, u qo‘rqib qolganini bildirgan. Savollarga javobi bilan inspektorlar gumonini oshirgan haydovchining avtoulovi tekshirib ko‘rilgan. Tekshiruv jarayonida uning avtoulovidan mahalliy korxonalarda ishlab chiqarilgan, olib yurish, tashish va sotish mutlaqo ta’qiqlangan portlovchi moddalar topilgan.

Mazkur ashyolar tadbir ishtirokchilari tomonidan o‘rnatilgan tartibda rasmiyshlashtirib olingan. Fuqaro bu portlovchi moddalardan tarkibida tilla bo‘lgan tog‘ jinslarini qazib olish uchun foydalanishni maqsad qilganini tan olgan.

R.B.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 248-moddasi (O‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring