Toshkentdagi yong‘inda FVV qutqaruvchisi halok bo‘ldi
FVV qutqaruvchisi Toshkent shahridagi yong‘inni o‘chirish chog‘ida halok bo‘ldi.
FVV xabariga ko‘ra, 15 avgust kuni soat 03:41 da «112» tizimi orqali Toshkent shahar FVBB navbatchilik qismiga Uchtepa tumani «Quyi Darxon» mahallasida joylashgan uylardan birida yong‘in sodir bo‘layotgani haqida xabar kelib tushgan.
Murojaatdan so‘ng qutqaruv bataloni qutqaruvchilari zudlik bilan voqea joyiga yetib borib, yong‘inni bartaraf etishga kirishgan.
Yong‘inning dastlabki soniyalaridanoq qutqaruvchilar uni bartaraf etish bilan bir qatorda, xonadonda bo‘lgan aholini zudlik bilan xavfsiz hududga evakuatsiya qilib, ularning hayotini saqlab qolgan. FVV Maxsus qutqaruv bataloni otryad komandirining o‘rinbosari — guruh komandiri, kapitan Boburmirzo Pardayev ham jasorat ko‘rsatib, insonlar hayotini qutqargan, biroq yong‘inni bartaraf etish jarayonida o‘zi halok bo‘lgan.
«U o‘z kasbining haqiqiy fidoyisi sifatida inson hayoti va xavfsizligini o‘z jonidan ustun qo‘yib, so‘nggi nafasiga qadar xizmat burchiga sodiq qoldi. Uning jasorati va fidoyiligi hamkasblari, qutqaruvchilik kasbi va yurtimiz ahli xotirasida hamisha saqlanib qoladi», — deyiladi FVV xabarida.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter