Qum ostidagi boylik: tonna-tonna oltinli tog‘ jinslari qaziganlar fosh etildi
Navoiy viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida noqonuniy oltin qazib olish bilan bog‘liq jinoyatlar ochildi.
Navbahor tumanidagi “Sarmishsoy” tog‘ tizmasida noma’lum shaxslar tomonidan ruxsatnomasiz ravishda foydali qazilmalarni noqonuniy qazib olish, sun’iy hovuzlar tashkil etish orqali qum tarkibidan oltin ajratib olish faoliyati yo‘lga qo‘yilgani aniqlandi.
Tekshiruvlar davomida 9 279,4 tonna tog‘ jinsi hujjatlashtirilib, uning tarkibida taxminan 9 kilogramm 928 gramm oltin mavjudligi ma’lum bo‘ldi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu qimmatbaho metallning qiymati 15,5 milliard so‘mni tashkil etadi.
Ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 196²-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov jarayonida bir qator shaxslarga ayb e’lon qilingan va ularga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi tanlangan. Ayrim gumonlanuvchilarga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.
Bundan tashqari, tergov davomida Xatirchi tumanida ham noqonuniy ravishda oltin ajratib olish bilan bog‘liq yashirin faoliyat fosh etildi. O‘tkazilgan tintuv harakatlari davomida minglab tonna qum uyumlari aniqlanib, ular tarkibida bir necha kilogramm, umumiy qiymati o‘nlab milliard so‘mlik oltin moddasi mavjudligi ma’lum qilingan.
2026 yil yanvar oyida o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbirlarda yana bir necha holat fosh etilib, oltin zarralari saqlangan minglab kilogramm tosh-qumni tashib ketayotgan shaxslar aniqlanib, qonuniy tartibda hujjatlashtirildi.
Ayni vaqtda mazkur jinoyat ishlari bir ish yurituviga birlashtirilgan. Qimmatbaho metallar miqdorini aniqlash maqsadida tegishli sud-kimyoviy ekspertizalar tayinlangan bo‘lib, dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter