Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Navoiyda blogerning yolg‘oni va asossiz xabari qimmatga tushdi

Navoiyda blogerning yolg‘oni va asossiz xabari qimmatga tushdi

Navoiy shahrida bloger A.R. tun yarmida bo‘layotgan holatni o‘rganmay va aniqlamay turib tasvirga olgan hamda instagram tarmog‘iga joylashtirgan.

Bloger tadim qilgan videoda tun yarmida yo‘lning qatnov qismida erining «to‘xta!» ishorasiga ham qaramay, jonholatda yugurib borayotgan ayol ko‘rinadi.

Navoiy viloyat IIB axborot xizmati rahbari Fayozjon Qosimovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, bloger o‘z obunachilari sonini ko‘paytirish va layk yig‘ish maqsadida bir oilaning shaxsiy muammolarini omma oldiga olib chiqqan.

Mazkur post instagram tarmog‘iga joylashtirilgandan so‘ngfoydalanuvchilar o‘rtasida muhokamalar avj olib ketgan. Hatto, ayolga eri tomonidan suiqasd qilingan, degan asossiz hamda yolg‘on xabarlar ham tarqalgan.

Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 18-mart kuni tunda er-xotin — U.M. hamda Sh.D.lar o‘zlariga tegishli avtomashinada uyiga qaytayotib, o‘zaro janjallashib qolishgan. Ayol jahl ustida mashinadan tushib, yo‘lning qatnov qismidan yugurib ketgan.

– Ayolim bilan birga ketayotgan edik. Tortishib qoldik. To‘xta, deyishimga qaramay, ayolim mashinadan tushib, yugurib ketdi. Orqasidan tushib, urib yoki unga tan jarohati yetkazganim yo‘q. Ayni o‘sha paytda yonimizdan A. ismli bloger o‘tib qolgan ekan. U bizni videotasvirga olib, ijtimoiy tarmoqqa joylagan. Bu bilan oilamiz sha’niga putur yetkazgan, - deydi U.M.

Shundan so‘ng oila zudlik bilan bloger ustidan huquq-tartibot idoralariga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan.

Bloger esa  ijtimoiy tarmoqqa telefon raqami ham qo‘yilgani, ushbu post orqali muhokamalar kuchaygan paytda bir fuqaroning qo‘ng‘iroq qilib, «haqiqatan bu ayol o‘ldi», - degan gaplariga ishonib qolganini bildirgan.

– Xatoimni anglab yetdim. Men tezkorlik ortidan quvib, holatni to‘liq o‘rganmadim. Bu orqali bir oilaning shaxsiy hayotiga aralashib, ularga ma’naviy zarar yetkazganimni endi tushundim. Buning uchun uzr so‘rayman va boshqalarga ham shoshma-shosharlik bilan axborot tarqatmaslikni tavsiya qilaman. Qilgan xatti-harakatimdan pushaymonman, - deydi bloger.

Holat yuzasidan Navoiy viloyati IIB xodimlari tomonidan o‘rganishlar olib borilgan va blogerning xatti-harakatiga sud tomonidan huquqiy baho berilgan. 

Holatni aniqlashtirmay, unga oydinlik kiritmay,  ijtimoiy tarmoqqa tarqatgan bloger yigitga O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 202-2-moddasi, 1- qismi bilan BHMning 50 baravari miqdorida, oilaviy muammosini ro‘kach qilib, jamoat tartibini buzgan er-xotinga nisbatan esa BHMning 3 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring