YPX inspektorini urib yuborgan o‘quvchi avval ham javobgarlikka tortilgani ma’lum bo‘ldi
25-fevral kuni soat 21:46 larda 2010-yilda tug‘ilgan, xususiy maktabning 10-sinf o‘quvchisi haydovchilik guvohnomasisiz BMW M4 rusumli avtomashinani boshqarib, yo‘l-patrul xizmati inspektorini urib yuborgan.
Hodisa oqibatida YPX inspektori turli tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan. Uning sog‘lig‘i Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan nazoratga olingan.
Ma’lum qilinishicha, mazkur voyaga yetmagan shaxs avval ham tartibbuzarlik sodir etgan.
Xususan, 2023-yil 12-sentyabr kuni maktabda dars qoldirgani uchun, shuningdek, joriy yil 8 yanvar kuni o‘zboshimchalik bilan avtomobil boshqarib, qo‘pol ravishda yo‘l harakati qoidalarini buzgani sababli O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 47-moddasi asosida javobgarlikka tortilgan va profilaktik suhbat o‘tkazilgan. Biroq shunga qaramay, u tegishli xulosa chiqarmagan.
Avtomashina 2002-yilda tug‘ilgan Atadiyanova Leyla Bekzodovna nomida ekani aniqlangan. Tekshiruvlar davomida ushbu shaxs 2024-yildan buyon 18 marotaba transport vositasini boshqarish huquqiga ega bo‘lmagan shaxslarga haydash uchun bergani, shuningdek, 37 marotaba boshqa turdagi yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzgani ma’lum bo‘ldi. Oxir-oqibat, transport egasining mas’uliyatsizligi og‘ir holatga sabab bo‘ldi.
Qoidabuzar o‘quvchi qilgan ishidan pushaymon ekanini bildirib, jabrlanuvchi inspektor va uning oila a’zolaridan kechirim so‘ragan.
Yigitning otasi Zafarjon Kuchkunov ham jamoatchilikdan uzr so‘rab, farzand tarbiyasida loqaydlik qilganini tan olgan. U barcha ota-onalarni farzandlari ustidan nazoratni kuchaytirishga chaqirgan.
Mazkur holat yuzasidan Mirobod tuman prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter