Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda tadbirkorlar 650 trln so‘mlik soliq va bojxona imtiyozlaridan foydalandi

O‘zbekistonda tadbirkorlar 650 trln so‘mlik soliq va bojxona imtiyozlaridan foydalandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazmda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazmoqda. Bugungi anjumanda ilk bor tuman studiyalaridan ham 25 mingga yaqin tadbirkor ishtirok etmoqda.

Davlat rahbari yurtimiz iqtisodiy qudratini mustahkamlashga faol hissa qo‘shayotgan 1 mln 200 minglik biznes hamjamiyatini Tadbirkorlar kuni bilan tabrikladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, besh yil oldin tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazish an’anasi boshlanganidan buyon biznesga to‘siq bo‘lgan minglab masalalarga yechim berildi. Bu borada 84 ta qonun, 861 ta farmon va qaror qabul qilindi.

«Nima uchun? Tadbirkorlarimizga sharoit yaratib, yangi ish o‘rinlarini ko‘paytirish, odamlarimizni uzoqqa bormasdan, mahallasining o‘zida daromadli qilish uchun!»,– dedi Prezident.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘tgan davrda biznes uchun ajratilgan kredit portfeli qariyb 3 karra oshib, 450 trillion so‘mga yetdi. Tadbirkorlar 650 trillion so‘mlik soliq va bojxona imtiyozlaridan foydalandi.

Ko‘plab biznes vakillari xorijiy banklardan o‘z loyihalariga mustaqil ravishda 1 milliard dollar jalb qildi. Davlatimiz rahbari buni tadbirkorlarimiz zabt etgan yana bir ulkan marra sifatida baholadi.

«Bugun tadbirkorlarimiz “biznesni boshlash” bosqichidan “kapitalni ko‘paytirish” bosqichiga o‘tyapti», – dedi davlat rahbari.

Besh yilda korxonalarning asosiy kapitalga investitsiyasi 3 karra ko‘payib, 363 trillion so‘mga yetdi. Sanoati 100 million dollardan oshgan tumanlar soni 66 tadan 116 taga ko‘paydi.

Axborot texnologiyalari, fintex va boshqa servis sohalarining jadal rivojlanayotgani hisobiga xizmatlar hajmi 1 trillion so‘mlik marradan o‘tgan tumanlar soni 41 tadan 152 taga yetdi. Yetakchi xalqaro marketpleyslar bilan ishlayotgan korxonalar esa 3,5 mingtani tashkil etmoqda.

Biznesini mahallada boshlab, yurtimiz bo‘ylab o‘nlab filiallarga ega bo‘lgan tadbirkorlar 550 tadan, milliy brendini yaratganlar 300 tadan oshdi.

So‘nggi yillarda mis, oltin, metall prokat, poliyetilen, PVX, kaolin va boshqa xomashyolarning taklifi oshirildi. Natijada elektrotexnika, qurilish materiallari, farmatsevtika, to‘qimachilik va mebelsozlik kabi sohalarda «katta sakrash» qilindi.

Ta’kidlanishicha, elektromobil, polimer va maishiy kimyo, «yashil» energetika, zargarlik sanoati kabi yangi yo‘nalishlar shakllandi. «BYD, «ADM Jizzakh», «Sirdaryo Asaka Motors» kabi zamonaviy avtomobil zavodlari sohaga yangi kompetensiya va texnologiyalar olib kirdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring