Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari 9,3 mlrd dollarga yetdi

O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari 9,3 mlrd dollarga yetdi

Foto: Xabar.uz

2026 yilning yanvar-iyun oylarida xorijdan O‘zbekistonga yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi 9,3 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13 foizga yoki 1,1 mlrd dollarga ko‘p. Bu haqda Markaziy bankning sharhida ma’lum qilindi.

Pul o‘tkazmalari hajmining oshishiga mehnat muhojirlari faoliyat yuritadigan an’anaviy mamlakatlarda ishchi kuchiga talab va ish haqlarining nisbatan yuqori darajada saqlanib qolayotgani, shuningdek, milliy valyutalar kursining yil boshiga nisbatan umumiy mustahkamlanishi ta’sir ko‘rsatgan.

Xususan, Buyuk Britaniyadan O‘zbekistonga yuborilgan mablag‘lar 62 foizga, Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan 27 foizga, AQShdan esa 19 foizga oshgan. Yevropa Ittifoqi davlatlari orasida Irlandiyadan o‘tkazmalar 86 foiz, Litvadan 18 foiz va Niderlandiyadan 7 foizga ko‘paygan.

Hisobot davrida jismoniy shaxslarga kelib tushgan mablag‘larning:

  • 4,3 mlrd dollari — an’anaviy xalqaro pul o‘tkazma tizimlari orqali;
  • 4,8 mlrd dollari — xorijdan bank kartalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri P2P o‘tkazmalar orqali;
  • 142 mln dollari — SWIFT bank o‘tkazmalari orqali amalga oshirilgan.

Shu tariqa, P2P o‘tkazmalari jami pul tushumlarining 51,7 foizini tashkil etgan. Ushbu turdagi o‘tkazmalar hajmi bir yil ichida 32 foizga oshgan. Bu raqamli to‘lov xizmatlarining ommalashuvi, mablag‘larning tezkor yetib borishi va tranzaksiya xarajatlarining nisbatan pastligi bilan izohlanadi.

Shu bilan birga, 2026 yilning birinchi yarmida O‘zbekistondan xorijga yuborilgan pul o‘tkazmalari ham 8 foizga yoki 100 million dollarga oshib, 1,3 mlrd dollarni tashkil etdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring