1 apreldan uy-joy va transport vositalari oldi-sotdisi faqat bank orqali (naqdsiz) bo‘ladi
1 apreldan ayrim tovarlar uchun to‘lovlar faqat naqdsiz shaklda amalga oshirilishi belgilangani munosabati bilan ko‘chmas mulk va transport vositalari oldi-sotdi shartnomalari bo‘yicha hisob-kitoblarni tasdiqlash tartibi belgilandi.
Shu maqsadda notariuslar va banklar o‘rtasida elektron ma’lumot almashish tartibi belgilanib, tegishli nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Yangi tartibga ko‘ra, 1 apreldan ko‘chmas mulk ob’yektlari, ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan M, N, O va G toifalaridagi transport vositalari, shuningdek maxsus avtotransport vositalari oldi-sotdi shartnomalarini tasdiqlashda taraflar o‘rtasidagi hisob-kitoblar notarius va banklar o‘rtasidagi elektron ma’lumot almashinuvi orqali aniqlanadi.
Bunday shartnomalar bo‘yicha hisob-kitoblar quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
— xaridor yoki uning vakili bankka yozma yoki elektron shaklda ariza bilan murojaat qiladi;
— shartnoma bo‘yicha kelishilgan mablag‘ bank tomonidan naqd yoki naqdsiz shaklda eskrou hisobvarag‘i (pul vaqtincha saqlanadigan maxsus hisobvarag‘i)ga kirim qilinadi;
— agar shartnoma to‘lovni kechiktirish sharti bilan tuzilgan bo‘lsa, eskrou hisobvarag‘iga taraflar o‘rtasida kelishilgan boshlang‘ich mablag‘ kiritiladi;
— shartnoma to‘liq yoki qisman kredit mablag‘lari asosida amalga oshirilsa, kredit ajratayotgan bank bu haqda notariusga elektron ma’lumot yuboradi;
— xaridor yoki uning vakilining bank kartasi, talab qilib olinguncha hisobvarag‘i yoki elektron hamyonidan eskrou hisobvarag‘i sifatida foydalanish mumkin;
— shundan so‘ng taraflar shartnomani rasmiylashtirish uchun notariusga murojaat qiladi;
— notarius eskrou hisobvarag‘ida mablag‘ mavjudligini elektron shaklda tekshirib, shartnomani tasdiqlaydi;
— shartnoma tasdiqlangach, pul mablag‘lari sotuvchi yoki uning vakilining hisobvarag‘iga o‘tkaziladi, yoki ularning so‘roviga ko‘ra naqd shaklda beriladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter