2030-yilgacha O‘zbekistonda oltin ishlab chiqarish hajmi 175 tonnaga yetkaziladi
O‘zbekistonda yangi texnologik bosqichga o‘tish va qo‘shilgan qiymat zanjirini kengaytirish bo‘yicha sanoatni rivojlantirish dasturi boshlanadi.
Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zining Oliy Majlisga Murojaatnomasida aytib o‘tdi.
Bunda kelgusi besh yilda sanoatda qo‘shilgan qiymatni hozirgi 36,5 milliard dollardan kamida 60 milliard dollarga yetkazishni (o‘sish 1,6 barobar), yuqori va o‘rtadan yuqori texnologiyali tarmoqlardagi mahsulotlar hajmini 2,5 barobar oshirishni marra sifatida belgilaymiz. Bunga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida 2026-yilda 52 milliard dollarlik 782 ta yangi sanoat va infratuzilma loyihasiga start beriladi.
Davlat rahbarining qayd etishicha, kelgusi yilning o‘zida 14 milliard dollarlik 228 ta yangi yirik quvvat ishga tushiriladi. Masalan, Navoiydagi oltin konlarida ma’dan qazib olish bo‘yicha 320 million dollarlik loyiha (3-navbati) ishga tushirilib, qo‘shimcha 2 million tonna ma’dan qayta ishlanadi. Shuningdek, «Muruntov» konini o‘zlashtirishning navbatdagi bosqichi hamda kumush konlari bo‘yicha 2 milliard 300 million dollarlik yirik loyihalar amalga oshiriladi. Natijada yiliga 18 million tonna ma’danni qayta ishlash quvvati barpo etilib, 2030-yilgacha oltin ishlab chiqarish hajmi 175 tonnaga yetkaziladi.
Yana bir yirik loyiha – Olmaliq kombinatida qiymati 2 milliard 700 million dollar, quvvati 300 ming tonna mis katodidan iborat bo‘lgan yangi metallurgiya majmuasini barpo etish boshlanadi.
«Samarqand kimyo» zavodida 381 million dollar investitsiya hisobidan yiliga 370 ming tonna fosforli va 540 ming tonna murakkab o‘g‘itlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
Qashqadaryoda 200 million dollarlik yangi kimyo zavodi qurilishi boshlanadi.
«Umuman, 2026-yilda kimyo sanoatida – 4,5 milliard dollarlik, tog‘-kon metallurgiya, neft-gaz, avtomobilsozlik, to‘qimachilik va qurilish materiallari tarmoqlarining har birida – 3 milliard dollardan; elektrotexnikada – 2 milliard dollarlik; farmatsevtikada – 800 million dollarlik yangi loyihalar boshlanadi. Shu tariqa 2026-yilda jami eksportimizni 40 milliard dollarga yetkazib, tayyor va yarim tayyor mahsulot ulushini 55 foizdan oshiramiz», – deydi Prezident.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter