Andijonda sud Rossiya va Ukraina urushida qatnashgan erkakka hukm o‘qidi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Jalaquduq tumani sudida 25 yoshli H.I.ning jinoiy qilmishiga doir ish ko‘rib chiqildi.
Sud tergovi bayonnomasiga ko‘ra, u Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblangan.
Aniqlanishicha, sudlanuvchi 2022-yil dekabr oyida ishlash maqsadida Rossiyaga borib, Moskva va Chelyabinsk shaharlarida «Yandeks» dasturi orqali yetkazib berish xizmati bilan shug‘ullanib kelgan. 2023-yil 15 avgustda esa giyohvandlik vositalari noqonuniy muomalasi bilan shug‘ullangani uchun Chelyabinsk shahar sudi hukmi bilan 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.
2024-yilining avgust oyiga qadar belgilangan jazo muddatini bir qismini o‘tab bo‘lib, shaxsiy manfaatini ko‘zlab, sud tomonidan tayinlangan jazodan qutilib qolish maqsadida, Rossiya-Ukraina urushiga kirishga rozilik bildirgan va shartnoma imzolagan.
Shunday qilib, u Ukrainaning Donetsk shahrini egallash uchun olib borilgan qurolli to‘qnashuv va harbiy harakatlarda ishtirok etadi va snaryad portlashi oqibatida chap qo‘li va chap oyog‘idan jarohatlanadi. 2025-yilning 17-sentyabr kuni O‘zbekistonga qaytib kelgan.
Sudlanuvchi H.I sud majlisida, aybga to‘liq iqrorlik bildirib dastlabki tergovda bergan ko‘rsatuvlarini tasdiqlagan.
Uning aytishicha, koloniyada jazoni o‘tab yurgan vaqtda urushga borish uchun uni majburlashgan. Lugansk shahridagi 14 kunlik harbiy tayyorgarlikdan so‘ng, Donetsk shahridagi harbiy qarorgohga 3 ta yo‘lovchi tashuvchi avtomashinalarda ketishayotganida, Ukraina askarlari tomonidan o‘qqa tutilishganini, natijada 66 nafar harbiylardan 12 nafari tirik qolgan. Otishmada snaryad oskolkalaridan yaralangan va harbiy gospitalda davolangan.
Sud H.I.ni JKning 154-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topib, avvaliga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. So‘ng esa JKning 72-moddasiga muvofiq, tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi shartliga o‘zgartirilib, 2 (ikki) yil sinov muddati – uy qamog‘i belgilandi.
Ma’lumot uchun, Oliy sudning interaktiv xizmatlari portalida keltirilishicha, o‘tgan 2025-yilda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirish, yollanishni nazarda tutuvchi jinoiy qilmishlar ko‘rilgan birinchi instansiya sud ishlari soni 34 taga yetgan (2024-yilda 13 ta).


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter