Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ko‘ngillilar koalitsiyasi»: Fransiya va Britaniya Ukrainaga qo‘shin yuborishga tayyor

«Ko‘ngillilar koalitsiyasi»: Fransiya va Britaniya Ukrainaga qo‘shin yuborishga tayyor

Parijda bo‘lib o‘tgan «Ko‘ngillilar koalitsiyasi» sammitida Fransiya va Buyuk Britaniya Ukrainada urush tugaganidan keyin xavfsizlikni ta’minlash uchun qo‘shin yuborishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Bu haqda prezident Emmanuel Makron, Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ishtirokidagi uch tomonlama deklaratsiyada aytilgan.

Sammitda taxminan 30 davlat vakillari, shu jumladan NATO bosh kotibi Mark Ryutte, Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen, shuningdek AQSh prezidenti Donald Trampning maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushnerlar qatnashdi.

Tomonlar «Parij deklaratsiyasi»ni qabul qildi. Unda Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini berish, kelajakdagi o‘t ochishni to‘xtatish rejimi ustidan AQSh koordinatsiyasida nazorat o‘rnatish va Ukraina Qurolli kuchlarini qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilgan.

Deklaratsiyaga ko‘ra, Ukrainaga joylashtiriladigan ko‘p millatli kuchlar faqat urush to‘liq tugagandan keyin kiritiladi. Ularning vazifasi – armiyani qayta tiklash va Rossiya tomonidan yangi tajovuzning oldini olish.

Kir Starmerning so‘zlariga ko‘ra, Britaniya va Fransiya Ukrainada «harbiy xablar» tashkil etish va qurol-yarog‘ uchun muhofazalangan infratuzilma yaratishni rejalashtirmoqda.

«Bu kuchlar Ukraina osmoni va dengiz xavfsizligini ta’minlaydi», — dedi u.

Vladimir Zelenskiy esa o‘z chiqishida tinchlik rejasi haqida to‘xtalib, uning 90 foizi kelishilganini, ammo asosiy to‘siq hududlar masalasi bo‘lib qolayotganini ta’kidladi.

«Eng katta kelishmovchilik – hududlar masalasi», – dedi Ukraina prezidenti.

Rossiya tomoni esa Ukraina hududiga chet el qo‘shinlari kiritilishiga qat’iy qarshi ekanini yana bir bor bildirdi va bunday qadamni o‘z xavfsizligiga tahdid deb baholadi.

Sammit ishtirokchilari mazkur kelishuvni tinchlikka olib boruvchi muhim qadam deb atadi, biroq o‘t ochishni to‘xtatishga hali erishilmagani ham qayd etildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring