Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Askarlar o‘rtasida kitobxonlik tanlovi o‘tkazilib, g‘oliblarga elektromobil beriladi

Askarlar o‘rtasida kitobxonlik tanlovi o‘tkazilib, g‘oliblarga elektromobil beriladi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev 6-aprel kuni mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash va harbiy xizmatchilarni qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, ularning zamonaviy bilim va kasb-hunar egallashini hamda bandligini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha izchil islohotlar olib borilmoqda.

Xususan, joriy yil 13-yanvar kuni o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida harbiy xizmat nufuzini yanada oshirish hamda yoshlarni jamiyatda munosib o‘rin topishiga ko‘maklashish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilgan edi.

Bu boradagi islohotlarning mantiqiy davomi sifatida bugun muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yoshlarni kasbga o‘rgatish va sifatli ta’lim olishlari uchun sharoit yaratish hamda armiyada kitobxonlikni ommalashtirish yuzasidan ishlab chiqilgan takliflar ko‘rib chiqildi.

Jumladan, 2026-2027 o‘quv yilidan boshlab muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yoshlarga bir qator imtiyoz hamda kafolatlar berilishi nazarda tutilmoqda.

Endilikda muddatli harbiy xizmatchilar uchun harbiy xizmat davrida oliygohlarga o‘qishga kirib, masofaviy ta’lim olish imkoniyati yaratilmoqda. Bu jarayonda askarlar uchun ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikda harbiy qismlarda abituriyentlarni tayyorlash kurslari tashkil etilib, oliygohlarning kirish imtihonlariga tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan askarlarga esa foizsiz imtiyozli kreditlar ajratiladi. Eng muhimi, oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingan askarlar harbiy fakultetlar talabalariga tenglashtirilib, o‘qishni tamomlagandan so‘ng ularga zaxiradagi leytenant harbiy unvoni beriladi.

Shu bilan birga, namunali xizmat o‘tagan, respublika va xalqaro sport musobaqalari hamda fan olimpiadalarida birinchi o‘rinni egallagan askarlarni test sinovlarisiz o‘qishga qabul qilish tartibi belgilanmoqda.

Joriy etilayotgan imtiyozlardan yana biri – askarlar uchun harbiy xizmat davomida “Bitta askar – bitta kasb” tamoyili asosida 3-6 oylik o‘quv kurslari tashkil etilib, ularga davlat namunasidagi maxsus sertifikat beriladi.

Muddatli harbiy xizmatdan qaytib, xususiy sektorda faoliyat yuritmoqchi bo‘lgan yoshlarning kasb-hunarga o‘qish xarajatlari vaucher asosida Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi tomonidan qoplab beriladi.

Davlat tashkilotlariga ishga kirish istagini bildirgan yoshlarga esa Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlarida 10 foizlik imtiyoz ballari qo‘shib beriladi.

Yig‘ilishda harbiy xizmatchilarni kitobxonlikka qiziqishini yanada oshirish, bu borada ularni qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar ham ko‘rib chiqildi.

Xususan, joriy yildan boshlab, har yili Qurolli Kuchlarning barcha toifadagi harbiy xizmatchilari o‘rtasida to‘rt bosqichli “Ma’naviyat qalqoni” respublika kitobxonlik tanlovi o‘tkaziladi.

Tanlovning birinchi bosqichi harbiy qism va harbiy ta’lim muassasalarida, ikkinchi bosqichi harbiy okrug, birlashma va qo‘shilmalarda, uchinchi bosqichi Qurolli Kuchlar tarkibidagi vazirlik va idoralarda o‘tkaziladi. Yakuniy respublika bosqichida saralash bosqichlarining g‘olibi bo‘lgan harbiy xizmatchilar o‘zaro bellashadi. Yakuniy bosqichning 4 nafar g‘olibi Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondonining bosh sovrini – zamonaviy elektromobil hamda diplom bilan taqdirlanadi. Sovrinli o‘rinlarni egallagan harbiy xizmatchilar pul mukofotlari va diplomlar bilan rag‘batlantiriladi.

Davlatimiz rahbari takliflarni ma’qullab, tegishli qarorlarni imzoladi. Yangi chora-tadbirlar yurtimiz taraqqiyoti uchun yuqori bilim, malaka va intellektual salohiyatli hamda vatanparvar kadrlar zaxirasini shakllantirishga xizmat qilishi lozimligini ta’kidladi.

Yig‘ilishda, shuningdek, mudofaa vaziri mamlakatimiz harbiy xavfsizligini kuchaytirish, qo‘shinlarning jangovar shayligini oshirish yuzasidan belgilangan vazifalar ijrosining borishi to‘g‘risida axborot berdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring