Tibbiyot xodimlariga imtiyozli ipoteka kreditining qay tartibda ajratilishi belgilanyapti
SSV davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga imtiyozli ipoteka kreditini berish tartibini begilovchi hujjat loyihasini e’lon qildi.
2025 yil 9 noyabrdagi PQ–336-son qaror bilan davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga ipoteka krediti asosida sotib olinadigan uy-joy uchun dastlabki badal to‘lovining 25 foizini Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi hisobdan qoplab berish belgilangan edi.
Vazirlik ishlab chiqqan hujjat loyihasiga ko‘ra, Ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya har yili yilning chorak qismida belgilangan umumiy sonining teng miqdorlarida ajratiladi.
Ariza beruvchi ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya olish uchun istalgan tuman (shahar) davlat xizmatlari markaziga o‘zi kelib murojaat etadi (yoki YaIDXP orqali).
Bunda bir JShShIR bo‘yicha bir chorak doirasida faqat bitta ariza qabul qilinishi ta’minlanadi.
Arizalarni saralashda yagona mezon qo‘llaniladi, ya’ni ariza beruvchining bir vaqtning o‘zida hozirgi vaqtda davlat tibbiyot muassasasida ishlayotganligi hamda davlat tibbiyot muassasalarida kamida o‘n besh yil ish stajiga ega ekanligi tasdiqlanishi shart hisoblanadi.
Ariza beruvchining avval ushbu imtiyozdan foydalanganligi holati qayta ishtirokni cheklash uchun asos hisoblanadi.
Chorakning oxirgi ish kuni soat 14:00 da qabul avtomatik yopiladi va bundan keyin reyestr tarkibini o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Subsidiya egalari random tanlovi o‘tkazish orqali aniqlanadi. Random tanlov har chorakning oxirgi ish kuni soat 16:00 da onlayn tarzda o‘tkaziladi va tanlovga faqat “Tanlovga qo‘yildi” maqomidagi arizalar kiritiladi, bunda mezonlarga to‘liq muvofiq ishtirokchilar orasidan har chorak uchun belgilangan kvota doirasida 125 nafar g‘olibni random.org sayti orqali SSVda tashkil etilgan ishchi komissiya ishtirokida tasodifiy usulda aniqlab olinadi.
Tanlov natijasiga ko‘ra har chorakda kvota doirasida 125 nafar ishtirokchiga “G‘olib” maqomi beriladi. “G‘olib” ushbu sanadan boshlab olti oy mobaynida Dasturiy ta’minot tizimi orqali ipoteka asosida uy olish hujjatlarini taqdim qiladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter