Buxoro bozoridan «kelajak»ka: folbinlar «kartasi» ortidagi haqiqat
Mansabparast puliga, davlatmand obro‘yiga, qizlaru ayrim yigitlarimiz esa folga va folbinga ishonishadi. Afsuski, bir marta bo‘lsa ham fol ochtirmagan yoki folbinga bormagan odam juda kam. Odamlarni o‘ziga ohangrabodek tortuvchi folbinlar hayotiga nazar tashlasak.
- Kel, bacham, sani bir fol ochib qo‘yay, mana, mana, ko‘zimga ko‘rinyapti, bugun sanga bir dard, bir balo yo‘liqishi bor. Kel, man sanga «qaytariq» qilib beraman...
- Baxtingdan ochaymi, taxtingdan ochaymi? Baxtingdan ochib, baxtingni, taxtingdan ochib, taxtingni ko‘raman...
- Bir sadaqa qil, bacham, man sani folingni ochib qo‘yay...
Ko‘cha-ko‘ylarda qo‘lida tasbeh tutib, «kel, bir fol ochib qo‘yay...»-deya ortingizdan ergashib yuradigan lo‘li ayollar hali-hanuz uchraydi.
Ularni ko‘rib, bir-da, chehramiz ochilib, zavq olsak, bir-da, jahllanib ham qo‘yamiz. «Folga ishonma, lekin, folsiz ham qolma...»-degan gapga ishora qilib, ular haqida yozish uchun qiziq ma’lumotlar to‘plashga urinib ko‘rdik. Odamlardan surishtira-surishtira «eng yaxshi folbinlar»ni izlashga tushdik.
Buxoroning eski bozori (hozirgi Markaziy bozor)ga tutash tor-tor ko‘chalar bo‘ylab yurar ekanmiz, bu manzillarning «jo‘gixona», ya’ni «lo‘li mahalla» deya atashlariga amin bo‘ldik.
- Sen hech lo‘liga fol ochtirganmisan?- so‘rayman sherigimdan qiziqib.
- Ha. Yoshligimda. Ammo, hozir biz nima maqsadda borayotganimizni sezib qolib, quvib solishmasmikan?-deydi sherigim kulib.
- Kel, yaxshisi, o‘zimizni tanishtiramiz va gapning po‘st kallasini aytib qo‘ya qolamiz,-deyman.
Yo‘lbo‘yi yurar ekanmiz, odamlar «jo‘gixona» degan manzilda birmas, ikkimas, bir nechta folbinlar, romchilar va hatto, «issiq-sovuqchi»lar borligini ham aytishdi.
O‘zi folga ishonmaydigan Roziya folbin nima deydi?
«Roziya folbin bor, karta bilan ochadi. Zulayho folbin bor, alas qilib qo‘yadi, ya’ni olov bilan davolaydi. Zamira bor, Berdigul amma bor...» - xuddi nafassiz aytib berishdi odamlar. Biz esa o‘zimizni lo‘li ko‘chada emas, folbinlar va romchilar ko‘chasiga tushib qolgandek his etdik. «Agar sizga yanayam kuchlisi kerak bo‘lsa, Peshko‘ga borasiz. O‘zbek. Baron domlo bor, nafasi o‘tkir. Ammo, uning navbatiga ikki-uch kunlab kutib turasiz. Xuddi shunday folbin ayol Romitandayam bor»,-deb qo‘yishdi odamlar. Bizni esa odamlarning hali-hanuz folga ishonishlari o‘ylantirardi.
Yo‘lning shundoq muyulishda joylashgan Roziya folbinning hovlisini ko‘rsatishdi. Salobatli darvoza. Katta va shinam hovli. Hovli boshida qo‘yilgan so‘rida xushsuvrat lo‘li ayol o‘tirardi. Qoshlari zamonaviy ko‘rinishga keltirilgan, ko‘zlariga qalin surma tortilgan, labiga xiyla buyoq surilgan, ro‘molidan chiqib turgan zulfi yuziga ham oro berib turibdi. Yasama uzun tirnoqli barmoqlarida kartani o‘ynatib, bizni xuddi eski qadrdonlardek qarshilayapti:
- Ibi, bo‘ylaringizga o‘zim tasadduq, chiroyli, gulg‘uncha parixon, ishingizni ochaymi, baxtingizni ko‘raymi?-dedi.
- Biz fol ochtirishga kelmadik, opa. Jurnalistlarmiz! Bir-ikki savollarimiz bor edi,-dedim «pop» etib, sherigimning durtib-nuqishiga qaramay.
Roziya folbin bu gapimizga osmondan tushgandek qaramadi ham, hatto, cherkini yormadi ham. Chehrasini battar yorishtirib kuldi va:
- Faqat rasmga olmang... ammo, savollaringiz qochib ketmas, beri keling, bir rom ochay, irimiga bo‘lsa ham, bir kelibsiz-da...
- Yo‘q, opa-a-a,-deymiz.
- E-e, kelsangizlar-chi, ot bilan tuya bo‘larmidi... ammo, sizlardan pul olmayman, o‘tiringlar!-dedi kulib va «yal-yal» ochilib.
Beixtiyor so‘ri burchiga o‘tirdik.
«Siz juda mehribonsiz, ammo, sizni odamlar tushunmaydi. Siz gohda ishonchlisiz judayam, gohda ikkilanib qolasiz... » - so‘z boshladi Roziya folbin.
Biz esa miyig‘ida kulib turdik.
- Ko‘rdingizlarmi, biz, folbinlar, shunday gaplar aytamizki, ular, deyarli, hammaga to‘g‘ri keladi. Odamlar esa: «Men haqimda aytayapti»,-deb o‘ylaydi,- dedi Roziya folbin va bizning savol berishimizga hojat ham qoldirmay, o‘zi so‘zlay ketib. Faqat har ikki so‘zining orasida «Suratga olmang!» -deb ogohlantirib turishni ham unutmadi. Va yana so‘zida davom etib:
- Folbinlar odamlarning kelajagi, taqdiri, baxti yoki muammolari haqida go‘yo, «oldidan aytib beruvchi» odam. Turli usullar bilan bashorat qilishga urinamiz. Turli belgilarga tayanib, xulosa chiqaramiz. Masalan, qo‘l chiziqlari, karta, toshlar, oyna va eski «Folnoma» kitoblaridan foydalanamiz. Men esa amalda ko‘proq darvozamdan ixlos bilan kirganlarning kayfiyati va muammosini kuzataman. Umumiy va hammaga to‘g‘ri keladigan gaplardan foydalanaman. Psixologik ta’sir orqali ularni gaplarimga ishontirishga harakat qilaman. Men gunoh qilmayapman. Odamlarning o‘zlari ixlos bilan kelishadi.
- O‘zingiz haqingizda ikki og‘iz...
- 1956 yilda tug‘ilganman. Bir oilaning bekasi, to‘rt farzandning onasiman. O‘ttiz yildan ko‘p vaqt bo‘ldiki, karta bilan rom, ya’ni fol ochib, odamlarning taqdiri, kelajagi haqida bashorat qilaman. Zamonaviy ayolman. Ko‘rib turibsiz (kuladi). Nega zamonaviy ayolman?! Chunki, men odamlar orasida ko‘-o‘p aylanib yuraman. Ularning o‘zim haqimdagi fikrlarini bilib olaman. Odamlar folga qiziqishgandek, men odamlarning o‘zim haqimdagi ishonchlariga qiziqaman. Shunga qarab, ishlarimni rejalashtiraman. O‘ylab qarasam, men ham sizlarga o‘xshab, bir kam jurnalistman («qah-qah» otib kulib). Man bu kasbu-korga o‘z-o‘zidan kelib qolgan emasman. Boshida odamlar o‘z dardlarini aytib, maslahat so‘rab kelishardi. Qarasam, maslahat va gaplarimdan ularning ko‘ngillari yorishyapti. Hatto: «Sizda qanaqadir sezish bor»,-deb yana va yana kela boshlashdi... menga ishonishadi. Ixlos - xalos, debdilar.
- Eshitishimizcha, ko‘pgina folbinlar shu kasbu-korni go‘yoki, egallamaganliklari uchun farzandlari olamdan o‘tgan... yoki biror bir shunga o‘xshash noxush voqealarga duch kelishganmish?
- Ha, bu gaplarni ko‘p eshitaman. Lekin, rostini aytsam, mening ishim shu kabi baxtsizlik yoki qorong‘u voqealarni olib kelmaydi. Men faqat odamlarning dardlarini tinglayman, maslahat beraman va ularga umid berishga harakat qilaman. Shunday vaziyatlar bo‘ladiki, odamlar o‘z taqdirlariga oldindan qo‘rquv, xavotir bilan qarab, shunday hodisalarni fol bilan bog‘lashadi. Lekin, hayot va inson taqdiri voqealar Yaratganning irodasi va tabiat qonuni bilan bog‘liq. Biz, folbinlarning ishimiz odamlarga faqat biroz yordam, tasalli va yo‘l-yo‘riq berish. Farzand bilan bog‘liq gapga kelsak, men bu toifadagi folbinlarga ham, ularning gaplariga ham ishonmayman. Ular o‘zlariga odamlarni ishontirish uchun bunday gaplarni to‘qib chiqarishadi. To‘g‘risi, shaxsan o‘zim umuman, folga ham, folbinga ham ishonmayman.
- Qiziq, unda qanday qilib, bu kasbu-korning etagidan tutib yuribsiz?
- Mening huzurimga kimdir qarindoshini olib keladi, kimdir qo‘shnisini. Men o‘zimni katta karomat sohibasi, deb aytmayman, lekin, odamning dardini tinglash, uning holatini his qilish ham ba’zan bir ne’mat bo‘ladi. Balki, shu sabab odamlar hali ham kelib turishar.
- Daromadingiz qancha? Sir bo‘lmasa, albatta!
- Nolimayman. Bir fol ochtirish 100 ming so‘m. Agar «qaytariq» qilish, qaysidir yosh oilani bir-biriga yana qayta bog‘lash kerak bo‘lsa, 300-400 va gohida 700 dollargacha olaman.
- Odamlar shuncha miqdorda pul berishadimi?-hayratimiz oshib so‘raymiz.
- Nega berishmas ekan? Odamlar chin ko‘ngildan ishonishsa, bas! Beixtiyor qaysarlik va manmanlikni yig‘ishtirib, o‘sha turmushi buzilayotgan xonadonga o‘z qizlarini qayta o‘z qo‘llari bilan olib borishadi. Lozim bo‘lsa, kechirim so‘rashadi. Ko‘ribsizki, yosh oila yana birga hayot kechirishadi. Aslida, shu ishlarni folbinsiz ham o‘zlari qilishsa, bo‘ladi.
«Qaytarmachi» Zulayho
Keyingi suhbatdoshimiz Zulayho folbin bo‘ldi. U yosh va ko‘rkam. Eng, qizig‘i, o‘zini folbin, deb bilgan bu ayol ham zamonaviylikda boshqa ayollardan qolishmaydi. Boteks lab, quyma qovoq, yasama qoshu-kiprik. Beshikdagi bolasini allalab turgan folbin kelinchak huzuriga yoshi yetmishdan oshgan kampirlar ham kelishgan. Navbat turnaqator. «Qaytarma»chining qo‘lidan esa telefoni tushmaydi.
- Alas, ya’ni boshdan olov aylantirish orqali davolayman. «Qon» qilaman. «Qaytarma» qilib turaman. Lekin, «qaytarma»dan juda kam foydalanaman.
Zulayho folbinning aytishicha, «qaytarma» - folbinlar tilida odamning o‘zini yoki boshqalarning salbiy ta’siridan himoya qilish, yoki qo‘rqinchli holatlarni «ortga qaytarish» uchun qilinadigan amal, duo ekan.
- «Qaytarma» - yomon ta’sirlarni qaytaradi. Suv yoki tuzga o‘qib berib, tumorga tikib beraman.
- Bu sizning-cha, haqiqatga yaqinmi?
- Odamlar - shu! Ishonishadi. Ixlos qilishadi. Ixlosning o‘zi yetadi.
- Odamlarni vahimaga soladigan duoyu, tumorlar haqida nima deysiz?
- Ular azaldan odamlarni balo-qazolardan, ofatlardan asrab kelgan. Oddiygina misol: yosh bolalarning qo‘liga ko‘zmunchoq ilib qo‘ymasangiz, bola ko‘zikib, betob bo‘lib qoladi. Ko‘zmunchoq har handay suqni qaytaradi. Ammo, ba’zida 15-17 yoshli qizlar ham, katta yoshdagi ayollar ham kelishadi. «Menda duo bor ekan»,-deyishsa, jahlim chiqadi. Bularda duo nima qilsin? Ularning pullarini «shilish» uchun aldayveramiz. Odamlar ishonishsa, ayb bizdami?
- Hadislarda shunday deyilgan: «Men qiyomat kuni uch toifa kishini yoqlamayman, ana shu uch toifadan biri folbinlar hisoblanishadi...»
- Ha, hadislarda folbinlik haqida qattiq ogohlantirishlar borligini bilaman. To‘g‘ri, men o‘zimni «kelajakni aniq aytib beradigan odam», deb da’vo qilmayman. Ammo, odamlarning o‘zi ko‘pincha odamlar juda qiyin holatda keladi: oilaviy muammo, ishsizlik, umidsizlik. Men shunchaki ularga yo‘l-yo‘riq ko‘rsataman. Odamlarni yomon firklardan qaytarishga harakat qilaman, buni o‘zimcha xizmat, deb bilaman. Qolgani - Xudodan.
«Nafasi o‘tkir» Berdigul amma
Uchinchi suhbatdoshimiz Berdigul amma bo‘ldi. Yoshi 80 larga yaqinlashib qolgan lo‘li kampir. Oddiy xonadonda yashar ekan. Uning huzuriga kelgan bir-ikki odamlar bilan suhbatlashdik. «Foli to‘g‘ri chiqadi. Amallariyam yaxshi. Nafasi o‘tkir. Boshim og‘risa, yoki bir dard bilan kelsam, yengil tortib ketaman»,-deydi biri. Boshqa bir ayol: «Endi odamlar kelib turishadi-ku, ixlos qilib, davo topib. Bir nimasi bordirki, biz ham, mana, keldik!»-deydi. Bizni darvoza tashqarisidan kuzatib turgan bir erkak esa baland ovozda: «Qanaqa davo?! E-e, laqma xotin, qo‘yarda-qo‘ymay, olib keldi meniyam sudrab. Bo‘l, tez!»- tajang so‘zlaydi edi.
Berdigul ammaning «mijozlari» ketgach, eshikdan mo‘ralab, keksa onaxon oldiga kirdik. Biroz suhbatlashdik.
- Qizim, men «kelajak»chi emasman. Odamlarning holati, kayfiyati va ichki qarashlarini o‘zlaridan so‘rab olib, shu asosda maslahat beraman.
- Hozir ancha kuzatdik. Siz odamlar bilan bor-yo‘g‘i, 3-4 daqiqa suhbatlashyapsiz. Siz odamlarning dardini qanday qilib, bir daqiqada sezib olishingiz mumkin?
Keksa onaxon buni faqat kuzatish va his qilish, odamlarning qo‘llari, yuzi, ko‘zi, og‘iz harakatlari, hatto, nafas olishi ham o‘zi haqida ma’lumot berib qo‘yishini ochiqladi. Shundan so‘ng u tezgina odamlarning qarashini «folbinona» mahorat bilan gapga aylantirishini aytdi.
- Qo‘rquv va yana bir chimdim umid odamlarni bizga chorlab keladi. Aslida, hammasi Xudoning ishi.
- Lekin, shunga qaramay, folbinlik hali ham odamlarni qiziqtiradi. Nega?
- Demak, odamlarni ishontira olyapmiz. Odamlar shunchalar qiziqqonki, ular yashashni emas, ko‘proq kelajaklarini bilishni istashadi. Tasalli izlashadi. Biz shunchaki ularning ehtiyojini biroz qondiramiz, xolos.
- Odamlar shunga ishonib, yaxshigina pul ham sarflashadi. Ammo, bilib-turib, atayin shu yo‘l orqali pul topish... yoshingiz katta ekan, sizga malol emasmi?
- Endi ota-bobolardan qolgan kasbu-korimiz... biz ham rizqimizni terib yuribmiz-da...
Rizqini odamlar kayfiyati va muammosini kuzatib, umumiy va hammaga to‘g‘ri keladigan gaplarni aytib, psixologik ta’sir orqali ishontirishga harakat kilib, terib yurganlar ko‘chasidan uzoqlashar ekanmiz, yo‘lboshida yana bizni: «Bitta folingni ochib qo‘yay, bacham»,-degan romchilarga duch kelamiz.
Qiziq tomoni shundaki, folbinlar o‘zlarini odamlarning kelajagida ro‘y beradigan voqealarni oldindan aytib bera oladigandek tutishadi o‘zlarini. Aslida, fol ochishning ilmiy isboti yo‘q. Islomda diniy nuqtayi-nazardan ta’qiqlanib, unga gunoh, deb qaralsa-da, folbinlar odamlarni pul uchun aldashdan to‘xtashmaydi va to‘xtashmagan ham. To‘g‘ri, hatto, bunday holatlarda firibgarlik ishlari ochilgan ham. Biroq, shunga qaramasdan, odamlarning «folbinlar», «duoxon»u «issiq-sovuq»chilar, «rom»chilar, «qaytariq»chilar darvozasi oldida turnaqator tizilishib turishganiga nima deysiz? Hatto, juda aqlli, bilimli odamlar ham ba’zan folbinlarga ishonib qoladi. Yetmaganiga, ayrim turli davlat tashkilotlarida nufuzli lavozimlarda ishlab kelayotganlarning ham «Folbinning aytgan gapi to‘g‘ri chiqdi»,- degan xulosaga kelishi kishini o‘ylantiradi.
Folbin foli avliyolar karomati emas...
Folbin shunchaki odamlarni kuzatib turib, uning haqida taxmin qiladi. «Kiyimimidan moddiy ahvolini, yuzidan kayfiyatini, savollariga olgan javobidan muammosini bilib olgan uddaburron»lar o‘zidan «o‘tkir nafasli folbin»ni yasab olishadi.
«Folbin odamlardan olgan javobini epaqaga keltirib, yana o‘ziga ulashadi. Eng qizig‘i, odamlar folbinning noto‘g‘ri aytgan gaplarini unutadi, taxminiy to‘g‘ri kelganlarini esa eslab qoladi. Men salkam ikki oy qatnadim folbinga, o‘g‘limning baxtini ko‘zlab. Afsuski, hech naf bo‘lmadi. Sal qolsa, ularga ishongan o‘zim ham folbin bo‘lardim»,-deydi achchiq aralash kulgi bilan folbinning «mijoz»laridan biri.
Hatto, bir folbin - yosh juvonning «Nostradamus ham folbin bo‘lgan, shuni tarixdan bilasizmi? Biz ham o‘shalarning avlodimiz! Bozorlarga chiqib, odamlar kelajagini bashorat qilib beramiz»-degan iddaosi bizni lol qoldirdi.
Darhaqiqat, insoniyat azaldan kelajakni oldindan bilishga doim intilgan. Ayrimlar buni ilohiy bashoratlar orqali amalga oshirishga uringan bo‘lishsa, boshqalar ilmiy faraz va kuzatuvlar asosida qilgan.
Ma’lumot o‘rnida: 1503 yilda Fansiyada tug‘ilgan Nostradamusning shifokor va astrolog bo‘lgani tarixdan ma’lum. Keyinchalik kelajak haqida yozgan bashoratlari bilan mashhur bo‘lib ketgan. U, hatto, o‘zi yozgan «Bashoratlar» kitobi bilan mashhurlik cho‘qqisiga chiqqan ham. Aytish joizki, Nostradamus o‘z bashoratlarini juda noaniq va ramzli qilib yozgan. Manbalarida aniq yil aytilmagan, ramzlar va metaforalardan foydalangan. Shu sababli har qanday katta voqeadan keyin odamlar tomonidan: «Mana, Nostradamus shuni aytgan ekan! »- deb talqin qilinadi.
Karta, qahva, choy, suv, tuz va qo‘l chiziqlari orqali o‘zidan bashoratchi yasab olgan folbinlar odamlarning kelajagini aytishga urinishayotgani ta’blarni xira qilmay qo‘ymaydi.
Shu ayonki, folbinlar haqiqiy kelajakni bilmaydi, ularning qo‘lidagi karta yoki tumor orqali aytgan gaplari asosan, psixologik ta’sir va odamlarning o‘zlaridan olingan ma’lumotlar bilan bog‘liq. Boshqacha aytganda, folbinlik ilmga asoslangan emas, odamlarning umid va qo‘rquvini ekspluatatsiya qilish orqali pul ishlash yo‘li, xolos. Odamlar kelajakni bilish, tasalli topish, umid qidirish bilan band paytda folbinlar shu ehtiyojni qondirish orqali o‘z rizqini terib yuradi.
Haqiqat shundaki, kelajak insonning o‘z harakatlari, qarorlari va taqdirida yashaydi, folbinda emas.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter