Buxoroda erkak sobiq ayolidan salkam 61 mln so‘m undirib oldi
Majburiy ijro byurosi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘yicha katta inspektori Ixtiyor Olimovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, peshko‘lik fuqaro B.M. sobiq xotini J.O.dan pul undirish maqsadida murojaat qilgan.
Holatga ko‘ra, B.M. va J.O.lar birga yashagan davrida ishlagan ish haqlaridan birgalikda «Kobalt» avtomashinasini xarid qilishgan. Avtomashina oila nomidan J.O.ga rasmiylashtirilgan. Oilaviy munosabatlar buzilgandan so‘ng mazkur mulkning huquqiy taqdiri sud orqali hal etilgan.
Sobiq er B.M. turmush davomida orttirilgan mol-mulkni umumiy, deb hisoblab, o‘z ulushini pul ko‘rinishida undirish maqsadida fuqarolik ishlari bo‘yicha Peshku tumanlararo sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan. Sud ishni atroflicha o‘rganib chiqqan. Qarorga ko‘ra, avtomashinaning bugungi kundagi o‘rtacha bozor qiymati 121 847 000 so‘m deb belgilanib, uning teng yarmi: 60 923 500 so‘m miqdoridagi pulni javobgar, ya’ni sobiq xotin J.O.dan undirilishi lozim, deb topilgan.
Ijro hujjati Majburiy ijro byurosining Peshko‘ tuman bo‘limiga yuborilib, ijro harakatlari boshlangan. Taraflarga ularning huquq va majburiyatlari to‘liq tushuntirilgan. Natijada 60 923 500 so‘m mablag‘ sobiq er B.M. foydasiga fuqaro J.O.dan to‘liq o‘tkazib berilgan.
«Mazkur holat oilaviy munosabatlar tugagan taqdirda ham turmush davomida orttirilgan mol-mulk qonun doirasida adolatli taqsimlanishini yana bir bor tasdiqlaydi»,—dedi Ixtiyor Olimov.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter